Shaxmat: Abdusattorovda 4, Yoqubboyevda 3,5 ochko, 6-tur boshlanmoqda
Bugun, 27 dekabr kuni Qozog‘istonning Almati shahrida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha davom etayotgan Jahon chempionatining ikkinchi kungi bahslarida shaxmatchilar 6- tur o‘yinlari bilan bahslarga kirishadi.
6-tur uchrashuvlarida 4 ochko jamg‘argan holda 178 nafar shaxmatchi orasida kuchli beshlikda borayotgan Nodirbek Abdusattorov polshalik Yan Krishtoff bitlan ro‘baro‘ kelsa, 3,5 ochkoga ega Nodirbek Yoqubboyev fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav bilan, 3 ochkoni qo‘lga kiritgan Shamsiddin Vohidov armanistonlik Tigran Petrosyan bilan, 2,5 ochkoli Jahongir Vohidov italiyalik Sabino Brunello bilan va 2 ochkoli Javohir Sindorov hindistonlik Pranav bilan bahs yuritadi.
Hamyurtlarimizdan Abdusattorov va Shamsiddin Vohidov 6-turda oq donalarda harakatlansa, qolgan vakillarimiz qora donalar bilan o‘ynaydi.

Kecha o‘tkazilgan bahslarning markaziy uchrashuvlaridan biri 5-turda Abdusattorov va klassik shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Magnus Karlsen o‘rtasida kechdi. Oq donalarda harakatlangan Karlsen ustunlikka erishdi. Aynan ushbu g‘alaba bilan Magnus 5-tur yakunidan keyin 4,5 ochko bilan chempionat peshqadamiga aylanib oldi. Undan keyingi o‘rinlarni xuddi shunday ochko jamg‘argan rossiyalik rossiyalik Vladimir Fedoseyev, hindistonlik Arjun Erigaisi va niderlandiyalik Van Forest egallab turibdi.
Abdusattorov jamg‘argan 4 ochkoni esa yana 8 nafar shaxmatchi qo‘lga kiritgan. Ular orasida Anish Giri, Yan Krishtoff va Yan Nepomnayashiy borligi chempionlik uchun kurash shiddatli bo‘lishini anglatmoqda.
Bugun o‘tadigan 6-turda Magnus Karlsen niderlandiyalik Van Forestga qarshi oq donalarda o‘ynaydi. Ulardan keyingi qatorlarda borayotgan Vladimir Fedoseyev esa Arjun Erigaisi bilan bahs o‘tkazadi. Ushbu shaxmatchilarning natijasi va kun davomida hamyurtlarimizning, ayniqsa Abdusattorovning xatti-harakati chempionlik manziliga yaqinlashishda ko‘p narsani oydinlashtiradi.
Eslatib o‘tamiz, rapid yo‘nalishidagi chempionlik musobaqalari ertaga o‘z g‘oliblarini aniqlaydi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA