“Sharq yulduzi”ning xaridorgir mebellari
Andijon shahridagi “Sharq yulduzi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan stol, stul, parta, eshik-rom kabi yigirma turdagi mahsulotlar sifati va arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Andijon shahridagi “Sharq yulduzi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan stol, stul, parta, eshik-rom kabi yigirma turdagi mahsulotlar sifati va arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2009-yil 15-mayda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘layotir.
Korxonaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankning Andijon viloyati bo‘limidan olingan 300 million so‘mlik kredit qo‘l keldi. Xorijdan keltirilgan eshik va romlarga gul bosadigan maxsus uskuna yordamida mahsulot sifati va dizayni yanada yaxshilandi.
– Asosiy e’tiborni mahsulot sifati va tannarxi arzon bo‘lishiga qaratmoqdamiz, – deydi jamiyat rahbari Sarvarbek Salohiddinov. – Shu bois qurilish tashkilotlari, ayniqsa, ta’lim muassasalaridan ko‘plab buyurtmalar tushmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 1 milliard 700 million so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarildi. Namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uylar uchun eshik-romlar yetkazib berish bo‘yicha 12 qurilish tashkiloti bilan shartnoma imzolangan. Ayni kunga qadar umumiy qiymati 352 million so‘m bo‘lgan 1500 dan ziyod eshik-rom buyurtmachilarga yetkazib berildi.
– “Sharq yulduzi”da ishlab chiqarilayotgan eshik-romlar qulay va sifatli bo‘lgani uchun mana, bir necha yildirki, o‘zimiz barpo etayotgan uy-joylarga o‘rnatamiz, – deydi Andijon shahridagi “Baraka-fayz ixtisoslashgan qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shuhratbek Yoqubbekov. – Mijozlarimiz ham aynan shu korxona mahsulotlari bo‘lishini so‘raydi.
Ayni paytda korxonada bolalar uchun stol-stul, shkaf va krovat yetkazib berish bo‘yicha bir qator maktabgacha ta’lim muassasalari bilan shartnomalar tuzilayotir. Bu 22 nafar kishi mehnat qilayotgan korxonada ishlab chiqarish hajmini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.