Sharh – jurnalistik janrlar qiroli
Soha ekspertlari ta’rifi bilan aytganda, sharh – jurnalistik janrlar qiroli. U orqali voqea-hodisalarning mazmun-mohiyatini tushunib yetish, biror narsa haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish, taqdim etilgan axborotning asl maqsadini, davlatlar pozitsiyasini aniq va oson usulda qabul qilish mumkin.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Xalqaro sharhlovchilar kengashi tomonidan O‘zbekiston Jahon tillari universitetining Media va kommunikatsiya fakultetida tashkil etilgan yig‘ilishda ana shular – xalqaro sharhlovchilik, bu boradagi yutuq va kamchiliklar haqida so‘z yuritildi.
«Xalqaro mavzudagi materiallarni tayyorlash mahorati» mavzuida o‘tgan yig‘ilishda Uyushma raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov g‘oyaviy tahdidlar, mafkuraviy kurashlar avj olayotgan ayni kunda aholida bu borada real qarashlarni shakllantirish, dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida tezkor va xolis axborotlar – sharhlar tayyorlash, odamlarda jarayonlarga to‘g‘ri munosabat uyg‘otish juda muhimligini ta’kidlab, xalqaro sharhlovchilarga bo‘lgan talab ortib borayotganini alohida ta’kidladi.

Uyushma qoshidagi Xalqaro sharhlovchilar kengashi raisi Q. Karimbekov, «Dunyo bo‘ylab» telekanali bosh muharriri G‘. Jamolov, Jahon tillari universitetining Media va kommunikatsiya fakulteti dekani A. Karimov, ushbu fakultet kafedra mudiri O. Toshboyevning «Xalqaro sharh yozish texnologiyasi: O‘zbekiston bosma nashrlari misolida», «Axborotlashgan jamiyatda xalqaro sharhning zarurati va ahamiyati» kabi mavzulardagi ma’ro‘zalari tinglandi.
Erkin muloqot tarzida o‘tgan yig‘ilishda mamlakatimiz bosma nashrlari, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimi teleradiokanallari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi kabi yetakchi davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarida xalqaro sharhlovchilik maktablari faoliyati va bu boradagi muammolar yechimi xususida fikr almashildi.
Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi Xalqaro sharhlovchilar kengashi a’zolari, markaziy ommaviy axborot vositalarining xalqaro mavzuni yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlari, Jahon tillari universitetining Media va kommunikatsiya fakulteti o‘qituvchi va talabalari qatnashgan mazkur yig‘ilishda xalqaro sharhlovchilik maktablarini tiklash, bu borada «Ustoz-shogird» an’anasini yo‘lga qo‘yish va boshqa taklif-tavsiyalar bildirildi, deya xabar beradi Jurnalistlar uyushmasi axborot xizmati.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA