Sharafli hayot yo‘li
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Yurtimizda 9-may alohida ma’no va mazmunga ega muqaddas sana sifatida keng nishonlanadi. Bu kun nafaqat o‘tganlarni yod etish, balki ularning Vatan ozodligi, xalq farovonligi yo‘lida ko‘rsatgan jasorati, sadoqati va fidoyiligini qalblarda yana bir bor tiriltiradi. Ayniqsa, bu kabi ezgu an’analar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ajdodlar merosini asrab-avaylash va uni ibrat maktabiga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur sana munosabati bilan Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Muratov boshchiligidagi bir guruh bojxona xodimlari xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan bojxona xizmati mayori Shuhrat Inoyatov xotirasini yod etish maqsadida uning xonadonida bo‘ldi.

Uchrashuv davomida marhumning xizmat faoliyati, yuksak mas’uliyati, kasbiga bo‘lgan sadoqati va Vatan oldidagi beqiyos fidoyiligi chuqur ehtirom bilan esga olindi. Qayd etilganidek, Shuhrat Inoyatov 2007-yilda xizmat vazifasini ado etayotgan paytda mardlarcha halok bo‘lgan. Uning bu qahramonligi, sharafli hayot yo‘li va pok nomi yillar o‘tishiga qaramay hamkasblari va yaqinlari qalbida mangu yashamoqda.

Ayniqsa, uning boshlab bergan sharafli yo‘li munosib davom ettirilayotgani e’tiborlidir. Farzandi Sherzod Inoyatov ham bugun bojxona organlari safida sidqidildan xizmat qilib, otasiga xos jasorat va mas’uliyatni namoyon etmoqda.
Bunday samimiy va mazmunli uchrashuvlar o‘tmishga hurmat, bugunga ehtirom va kelajak avlod uchun ibrat namunasidir. Zero, inson xotira bilan barhayot, fidoyilar esa xalq qalbida mangu yashaydi.

Xotira va qadrlash kuni kabi ulug‘ sana orqali biz nafaqat o‘tganlarni yodga olamiz, balki ular qoldirgan ma’naviy merosni asrab, uni kelajak avlodga yetkazish mas’uliyatini yanada chuqur his qilamiz. Chunki xotira yashar ekan, jasorat unutilmaydi, fidoyilik esa doimo qadr topadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.