Shamsiddin Vohidov – jahon chempioni!
Gretsiyada shaxmat bo‘yicha 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatining 14 yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslari hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov g‘alabasi bilan yakunlandi.
Gretsiyada shaxmat bo‘yicha 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatining 14 yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslari hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov g‘alabasi bilan yakunlandi.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, yuksak intellektual salohiyatli etib voyaga yetkazish, sportning barcha turlari qatori shaxmatni izchil rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida o‘zbek shaxmat maktabi vakillari nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishmoqda.
Bugun o‘zbek shaxmatchilari barcha yirik sport anjumanlarida muntazam yuqori o‘rinlarni egallab, mamlakatimizda voyaga yetayotgan avlod dunyoda hech kimdan kam emasligi va kam bo‘lmasligini amalda isbotlab kelmoqda. Bu Gretsiyadagi jahon chempionatida ham o‘z ifodasini topdi.
Nufuzli musobaqada Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan Shamsiddin Vohidov 150 shaxmatchi orasida tengsiz ekanini isbotlab, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Iqtidorli shaxmatchimiz o‘n bir partiyadan iborat musobaqada mag‘lubiyatsiz dona surdi. U gruziyalik Luka Oboladze, germaniyalik Teo Gungl, AQSh vakillari Markus Miyasaka, Nikolas Cheka, hindistonlik Harshit Raja, rossiyalik Sergey Lobanov va Timur Farxutdinov ustidan g‘alaba qozonib, fransiyalik Dimitri Lagard, ukrainalik Kirill Shevchenko, eronlik Ariyan G‘ulomiy va rossiyalik Andrey Yesipenko bilan durang o‘ynadi.
Shu tariqa o‘n bir imkoniyatdan 9 ochko jamg‘argan Sh.Vohidov jahon chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin rossiyalik Andrey Yesipenko, uchinchi o‘rin esa eronlik Ariyan G‘ulomiyga nasib etdi.
Jahon chempionatida boshqa shaxmatchilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jumladan, o‘z yosh toifasidagi bahslarda Nodirbek Abdusattorov to‘rtinchi, Islombek Sindorov beshinchi, Nodirabegim Parpiyeva oltinchi, Javohir Sindorov sakkizinchi o‘rinni egalladi.