Shamol energetikasi istiqbollari
Poytaxtimizda O‘zbekistonda shamol energetikasi salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha milliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda O‘zbekistonda shamol energetikasi salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha milliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot, Moliya, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Gidrometeorologik xizmati markazi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Muqobil yoqilg‘i va energiya turlari korxonalari assotsiatsiyasi mutaxassislari hamda bir qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari B.Xo‘jayev, “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi I.Basidov, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakili D.Uoters va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani, bunday energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari salohiyatini aniqlash borasida izchil ishlar olib borilayotir. Bu borada Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Jahon banki bilan hamkorlik o‘rnatilgan.
Iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanib, aholi ijtimoiy hayotining yaxshilanib borishi energetika resurslariga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Mutaxassislarning fikricha, ishlab chiqarish kuchlarining imkoniyatlarini yanada oshirish mumkin. Bunda shamollar atlasi qo‘l keladi. Ushbu atlas asosida «O‘zbekenergo» kompaniyasi tomonidan ikki istiqbolli uchastka belgilandi. Joriy yilning mart oyida mazkur uchastkalarda, ya’ni Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi janubida shamol energiyasi salohiyatini aniqlash maqsadida tadqiqot olib borildi. Ularning har birida shamol tezligi va yo‘nalishini, havoning zichligi va haroratini aniqlaydigan o‘lchov asboblari joylashtirilib, balandligi 85 metrli meteorologik machtalar o‘rnatildi. Mazkur o‘lchov uskunalari sputnik aloqa tizimi vositasida keyingi tahlil uchun ma’lumotlarni serverga onlayn tartibida uzatadi. Bu ma’lumotlardan investitsion loyiha tayyorlashda shamol generatorining eng optimal birlik quvvatini aniqlash va potensial elektr energiya ishlab chiqarishni hisoblash uchun foydalaniladi.
– Qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradigan investitsiya loyihalarini joriy etish doimiy e’tiborda, – deydi “O‘zbekenergo” kompaniyasi boshqarma boshlig‘i Ravshan Ortiqov. – Shamol energiyasi manbalaridan foydalanish ham ulardan biri bo‘lib, amalga oshirilgan ilmiy tahlillarga ko‘ra, dastlabki baholash natijalari o‘rnatilgan quvvatning besh yuz yigirma ming megavattdan ziyodini va yiliga milliard megavatt-soatdan ziyod energiya ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Anjumanda interaktiv tizimning amal qilish jarayoni namoyish etildi. Bu ishlar doirasida nemis mutaxassislari bilan mustaqil tadqiqotlar olib borish va shamol energetikasi salohiyatini oshirish bo‘yicha ko‘nikmalarni mustahkamlash yuzasidan kelishib olindi.
– Har bir davlatning barqaror rivojlanishida energiya resurslari muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Germaniyaning intec-Gopa kompaniyasi loyiha menejeri Martina Dabo. – O‘zbekiston shamol energiyasidan foydalanish borasida ham ulkan imkoniyatlarga ega. Bunga bir yil davomida yurtingizning turli hududlarida shamol energiyasi bo‘yicha izlanishlar olib borish jarayonida guvoh bo‘ldik. Hozirgi tahlillarga ko‘ra, shamol energiyasi uchun o‘rnatilgan uskunalar quvvati 520 gegavatga yetishi mumkin. Buning evaziga O‘zbekistonning energiyaga bo‘lgan talabining 25 foizi qoplanadi.
Konferensiya doirasida ishtirokchilar shamol energetikasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar, asbob-uskunalar, bunday loyihalarni moliyalashtirish yo‘llari bilan tanishdi.