Shahrimiz daraxtlarini birgalikda asraylik
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi, shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, “Maxsustrans” DUK tashabbusi bilan “Shahrimiz daraxtlarini birgalikda asraylik” shiori ostida aksiya o‘tkazilmoqda.
2-7 avgust kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan aksiyaga poytaxtimizning Mirobod tumanida start berildi. Tadbir doirasida tumanning “Bilimdon”, “Qorasuv” va “Oltinko‘l” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida mingdan ortiq daraxt sug‘orildi.
Aksiyadan so‘ng aholini tashvishga solayotgan ekologik muammolar yuzasidan Mavoraunnaxr mahallasida sayyor qabul ham tashkil qilindi. Unda 50 nafardan ortiq fuqaro murojaatlariga mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari javob berdi.

Hozirgi kunda dunyo mamlakatlarida ko‘plab o‘rmon va daraxtlar turli omillar natijasida yo‘q bo‘lib ketayotgani barchani tashvishga solmoqda. Jumladan, ba’zi daraxtlar insonlar tomonidan xomashyo sifatida kesilib yo‘q qilinsa, boshqa tomondan tabiiy omillar sababli o‘rmonlarda yong‘inlar kuzatilyapti.
Toshkent shahrining 20 yil avvalgi fazodan olingan suratiga nazar solsak, shahrimizning nechog‘lik yashillikka burkanganligini ko‘rish mumkin. Ammo ming afsuski, yashil tabiatning avvalgi ko‘rinishini yorqin xotiralar bilan eslashga to‘g‘ri kelmoqda. bugungi kunda ham daraxtlarning qarovsiz qolishi natijasida qurib borayotganligini kuzatish mumkin. Shu sababli ham mazkur aksiya davomida daraxtlarni muntazam sug‘orib borish nechog‘lik zarurligiga aholi e’tibori jalb qilinmoqda. Chunki aksariyat daraxtlar aynan suvsizlik tufayli qurib qolayotgani bugungi kunning dolzarb muammosiga aylanib bormoqda.

D. Mamatova, O‘zA