“Shaffof yoʼl” platformasi ishga tushadi
Vazirlar Mahkamasining «Avtomobil yo‘llari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan “Shaffof yoʼl” onlayn axborot platformasi ishlab chiqiladi.
Ushbu platforma 2022 yil 1 iyuldan boshlab test – sinov rejimida ish boshlaydi.
Platformaga avtomobil yo‘llariga oid axborotlar joylashtirib boriladi.
Avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash ishlari uchun yo‘naltirilayotgan mablag‘larning xarajati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash ob’ektlarida olib borilayotgan yo‘l qurilish ishlari haqidagi, shu jumladan, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bilan bog‘liq ma’lumotlar;
mahalliy hokimliklar buyurtmachiligidagi ichki xo‘jalik yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlaridagi ko‘chalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tegishli vazirlik, idora va mahallik kengashlar tomonidan “Shaffof yoʼl” platformasiga kiritib boriladi.
“Shaffof yoʼl” platformasining alohida sahifasi orqali aholining yo‘llar nosozligi, shuningdek, yo‘llarda va yo‘l bo‘yida xavfsiz harakatlanish uchun yuzaga kelgan favqulodda texnik muammolar (svetoforlar va yo‘l belgilar o‘rnatilmaganligi yoki ularning shikastlanganligi, tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan hodisalar ortidan hosil bo‘ladigan oqibatlar) haqida foto va videomurojaatlar jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladi.
Platformada joylashtiriladigan ma’lumotlar bazasi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rasmiy veb-sayti hamda manfaatdor vazirlik va idoralarga tegishli ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashgan holda yuritiladi.
2022 yil 1 mayga qadar avtomobil yo‘llari qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ob’ektlarining interaktiv onlayn xaritasi – sxemasini ishlab chiqiladi platformaga joylashtiriladi.
O‘zA