Seysmik xavfsizlik ta’minlanadi
So‘nggi yillarda dunyoda sodir bo‘lgan falokatli zilzilalar natijasida 914 ming kishi qurbon bo‘lgan, jabrlanganlar soni 2,5 milliondan ortiqni, umumiy iqtisodiy zarar esa 360 milliard dollarni tashkil etgan.
Mamlakatimiz seysmik faol hududlar turkumiga kiradi. Shu sababli O‘zbekiston aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlashning qonuniy asoslarini takomillashtirish, mas’ul davlat organlarining bu boradagi vakolatlarini belgilash hamda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik ko‘rish, ularning oqibatlarini bartaraf etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish zarurati mavjud.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasida belgilanayotgan normalar respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Loyihaning qabul qilinishi aholi xavfsizligini ta’minlash barobarida ijtimoiy-iqtisodiy samaralarga ham olib keladi. Aholi va hududlarning seysmik xavfsizligini ta’minlash darajasi yangi bosqichga chiqadi. Sohaning uzviy rivojlanishi ta’minlanadi, seysmik mustahkam bino va inshootlar qurilishi sifati nazoratga olinadi.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Yalpi majlisda xalq vakillari «Muzeylar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ham muhokama qildi.
Mazkur loyiha muzeylarning daromad manbalarini kengaytirish maqsadida ular tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, jumladan, tovarlar sotish va xizmatlar ko‘rsatishning huquqiy asoslarini belgilaydi.
Qonunning qabul qilinishi muzeylar daromadlarini ko‘paytirish maqsadida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari xavfsizligini ta’minlagan holda daromad keltiradigan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini berish, muzeylar tomonidan ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar ro‘yxati hamda muzeylarning pullik xizmatlar ko‘rsatishning mexanizmlarini aniqlashtirish, muzeylarga madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlaridan foydalanishda ustuvorlik huquqini berishga keng yo‘l ochadi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA