Servantes Navoiyni oʻqiganmi?
Alisher Navoiy asarlari asrlar davomida jahon adabiyoti ixlosmandlari eʼtiborini tortgan, turli tillarga tarjima qilingan.
Alisher Navoiy asarlari asrlar davomida jahon adabiyoti ixlosmandlari eʼtiborini tortgan, turli tillarga tarjima qilingan. Dunyo adabiyotining bir qator buyuk namoyandalari asaridaNavoiyga hamohang fikrlar, hikmatlar, oʻxshatishlar uchraydi.
Albatta, hazrat Navoiy oʻziga qadar yashab, ijod qilib oʻtgan koʻplab buyuklarning asarlaridan bahramand boʻlgan, oʻz navbatida, keyingi asrlarda Sharq va Gʻarbda yashab oʻtgan koʻplab mutafakkirlar asarlarida ham navoiyona mudriklik, donishmandlikni koʻramiz.
Masalan buyuk ispan adibi Migel Servantesning (1547-1616)oʻlmas “Don Kixot” asarida shunday dono fikrni oʻqiymiz: “hayot xuddi shaxmat taxtasiga oʻxshaydi: oʻyin tugashi bilan shoh ham, piyoda ham bitta qutiga tushadi”.
Naqadar purhikmat naql. Bu fikrni Servantes qayerdan olgan boʻlishi mumkin? U Navoiyni oʻqiganmikin? Bunga aniq javob berish mushkul. Ammo, Navoiy bu fikrni Servantesdan avvalroq aytgani haqiqat.
“Lisonut-tayr” dostonida shaxmat ustalari haqida bitta rivoyat keltiriladi. Unga koʻra, har ikki shahmatchi arsaga sipohlarni joylab chiqishadi. Bilamizki, shaxmatda har bir sipoh oʻz pozitsiyasiga, oʻz yurish uslubiga ega. Unda shoh oʻz oʻrnida, piyodalar oʻz oʻrnida turadi. Oddiy piyodadan to frazingacha shohni himoya qilib, raqib shohini mot qilish uchun kurshadi. Ammo, oʻyin tugashi bilan har ikki ustod shaxmat donalari bitta xaltaga solishadi. Endi arsa ustidagi tartib, nizom buziladi. Xaltada shoh piyodaning tagiga tushib qoladi.
Chun xarita ichra bogʻlandi bari,
Shoh quyidur yo piyoda yuqqori,
-deya xulosa yasaydi hazrat Navoiy.
Albatta, buyuklar turli zamon va makonlarda turib, bir xil fikr yuritishi, biror masala boʻyicha umumiy xulosa chiqarishi ham mumkin. Ammo¸ bunday hodisabitta mutafakkir vaboshqa buyuk salaflar ijodida takrorlanaversa-chi?
Fransuz uygʻonish davrining buyuk vakili, faylasuf Laroshfukoning (1613-1680) hikmatlari (ularni maksimlar, deb ham atashadi) ikki yarim asrdan beri oʻquvchilarni mushohadaga undab keladi.
Mana uning bir mantiqiy fikriga eʼtibor qilang-a: “Hech qachon hech kimga siringizni aytmang. Agar birov siringizni fosh qilsa, undan xafa boʻlmang. Chunki oʻzingiz asray olmagan sirni boshqalar qanday saqlasin?” Chiroyli fikr, toʻgʻrimi? LekinLaroshfukoga qadar bu “qanotli ibora” aytib boʻlingan edi.
Fosh qilmang roz, chunkim asrayolmay qildingiz,
Oʻzgalardin asramoq bori tamanno qilmangiz.
Ha, topdingiz. Bu baytni ulugʻ bobokalonimiz Alisher Navoiy Laroshfukodan ancha avvalroq aytgan.
Yana bir misol. Buyuk qirgʻiz adibi Chingiz Aytmatov (1928-2008) yaratgan manqurt obrazi bugun har bir adabiyot muhibi uchun tanish. “Asrga tatigulik kun” romanida keltirilgan afsona qahramoni – Joʻlomonning taqdiri har bir oʻquvchini dahshatga soladi. Yovuz dushman tomonidan asir olingan yigitning sochlari qirib tashlanadi va taqir boshiga yangi soʻyilgan tuyaning terisi qoplanadi. Shundan soʻng ming uqubatlarga bardosh bergan asir oʻz xotirasini yoʻqotadi. U endi oʻz xojasidan boshqa birovni tanimaydi. U boshidagi qalpogʻini tortib olmasliklari uchun hatto oʻz onasini ham qurbon qilishga tayyor...
Chingiz Aytmatov ushbu asari orqali dunyoning turli tillariga yangi – manqurt atamasini olib kirdi. Bu soʻz qaysi tildan olingan, qanday yasalgani haqida turli taxminlar bor. Bu haqda afsuski, yozuvchining oʻzi ham hech narsa demagan.
Ammo, Aytmatovga qadar manqurt afsonasi mavjud boʻlgan. Ehtimol xotirasidan judo qilingan qullar qadimdaboshqacha atalgandir. Ammo, shunisi aniqki, Navoiy besh asr muqaddam “manqurtlik” haqida oʻz sheʼrlaridan birida aytib ketgan edi.
Falak boshingga qoplab it terisini,
Sen oni jahldin deb kishu sinjob,
Ajab yoʻq, odamiylikni unutsang,
Oʻzungni telba it charmida asrob...
Eʼtibor qilsak, bu yerda ham boshiga it terisi qoplangan, lekin uni suvsar moʻynasi deb oʻylayotgan kimsaningshu tariqa insoniylik qiyofasini yoʻqotishi aks ettirilgan.Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul yozganidek, “toʻgʻri, Navoiy manqurt soʻzini ishlatmagan, lekin u xotirasiz vahshiy qulga kimligini tushuntirgan”.
Albatta, bu bilan biz buyuk yozuvchilar, mutafakkirlarning ijodini kamsitish niyatida emasmiz. Faqat,buyuk Navoiyningtafakkur qanoti, hayol oti jahonning eng buyuk adiblari zabtetgan haqiqat manzillariga ulardan avvalroq yetib borganini yana bir bor eʼtirof etishdir.
R.Jabborov tayyorladi.