Sergelida yangilangan qiyofa: Dizayn-kod tadbirkorlarga qanday imkonlar yaratdi?
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan Toshkent shahrining Sergeli tumanida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir davomida jurnalistlar dizayn-kod talablari asosida tartibga keltirilgan markaziy ko‘chalar, yangilangan fasadlar va yagona uslubdagi tashqi axborot vositalari bilan tanishdilar.
Press-turdan ko‘zlangan asosiy maqsad dizayn-kod talablari asosida amalga oshirilgan o‘zgarishlarni amalda namoyish etish, shahar muhitining yanada tartibli va jozibador qiyofa kasb etayotganini ko‘rsatish hamda bu jarayonda tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida jamoatchilikka batafsil ma’lumot berishdan iborat bo‘ldi.
Loyihaning dastlabki bosqichida tadbirkorlarga dizayn-kod talablarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, tashqi reklama va axborot vositalarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq ayrim tashkiliy masalalar mavjud edi. Bugungi kunda davlat idoralari, mahalliy hokimlik va biznes hamjamiyati o‘rtasidagi hamkorlik natijasida ushbu masalalarning aksariyati o‘z yechimini topdi.
Hozirda tadbirkorlar tashqi reklama va axborot belgilari bo‘yicha zarur maslahatlar olish, hujjatlarni rasmiylashtirish hamda murojaatlariga tezkor javob olish imkoniyatiga ega.
Ziyovuddin Nuriddinov, Anvarxuja Axmedov,
Oybek Davronov, O‘zA