Sergeli tumanida maktab direktorlari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosarlari Alisher Do‘smuhamedov va Durdona Rahimova boshchiligida umumta’lim maktablari direktorlari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Sergeli tumani hokimi, Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, Davlat xavfsizligi xizmati, Ichki ishlar organlari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etgan seminar maktablarda ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish hamda intizom va shaffoflikni oshirishga qaratildi.

Xususan, Toshkent shahar hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan "Toshkent Ta’lim SI" platformasi, tizimga o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari haqidagi ma’lumotlarni shakllantirish, dars jadvallarini to‘g‘ri kiritish va yuritish, shuningdek, yuzni aniqlash (Facye ID) tizimi va davomat nazorati uzluksiz ishlashi uchun fotosuratlarni belgilangan texnik standartlar bo‘yicha yuklash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, davomat va kameralashtirish, jumladan, videokameralar hamda texnologiyalar yordamida o‘quvchilar davomatini raqamli nazorat qilish, profilaktika va nazorat, ichki nazoratdagi hamda darslarni surunkali qoldiruvchi o‘quvchilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va kuchaytirish xususida so‘z bordi.
G.Boboyeva,O‘zA