Sentob – turizm uchun qulay manzil
Nurota tumani betakror tabiati bilan ko‘plab sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelgan.
Toza havo, qushlarning sayrashi, kechki shafaq, tog‘ jilg‘asining shildirashi, gullar ifori, kechalari yulduzlarga to‘la osmon...
Ehtimol, bu Nurota tog‘ yon bag‘irlarida joylashgan qishloqlarning diqqatga sazovor jihatlarining bir qismidir, xolos.
Nurota tumani markazidan 120 kilometr uzoqda joylashgan Sentob qishlog‘i hududdagi diqqatga sazovor sayyohlik yo‘nalishlaridan biridir.
Sentob qo‘shni Jizzax viloyatining Forish tumani bilan chegaradosh. Bu hududning go‘zal manzarasini boshqa joyda aslo uchratmaysiz.
Qariyb 3 ming aholi istiqomat qiladigan bu qishloq so‘lim tabiati, qadim sivilizatsiya maskanlaridan biri ekani bilan doimo mahalliy va xorijlik sayyohlar e’tiborida bo‘lib kelgan. Sentob o‘zining qadim tarixi, madaniy-merosi, o‘tmishi, milliy qadriyatlari va urf-odatlarining bugungi kunga qadar saqlanib qolganligi bilan boshqa qishloqlardan ajralib turadi.
Nurota tog‘larining shimoliy yon bag‘rida joylashgan. “Sentob” so‘zining turli ma’nolari bor. Uning mahalliy aholi orasida keng tarqalgan “Sint – tiniq, ob – suv” degan ma’nosi haqiqatga yaqindir. Bu yerda noodatiy qal’a bor, ya’ni tosh qo‘rg‘on. Aytishlaricha, qo‘rg‘on qishloq aholisini yovdan himoya qilgan. Hozirgi kunda qo‘rg‘onning qoldiqlarigina qolgan.
Qoya toshlarga ishlangan V-VI asrlarga oid petrogliflar, tog‘ tepasidagi ko‘hna qo‘rg‘on qoldiqlari, XI-XVIII asrlarga oid toshga o‘yilgan yozuvlar hamda qishloqning eng yuqori nuqtasidagi Fozilmon ko‘li manzaralari diqqatga sazovor.
Shuningdek mazkur hududda sayyohlarning mazmunli dam olishini ta’minlash maqsadida barcha qulayliklarga ega o‘ndan ziyod mehmonxona va oilaviy mehmon uylari mavjud bo‘lib, ularda kichik muzeylar tashkil etilgan.
Gulmurod Zarifullayev 2009 yilda qishloqda “Sintobiston” oilaviy mehmon uyini ochib, bugungi kunga qadar mahalliy va xorijiy sayyohlarga mehmonxona xizmatini ko‘rsatib kelmoqda. Bu yerda sayyohlarning nafaqat dam olib qishloq tabiati bilan tanishishi uchun, balki umumiy ovqatlanish va yotoqdan tashqari otda, eshakda tog‘lar bo‘ylab sayohatlarini tashkil etish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. 2020 yilda O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish va ommalashtirishga munosib hissa qo‘shganligi uchun G.Zarifullayev “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
– 2009 yilda qo‘shni Forish tumani tog‘larida o‘rganish olib borayotgan germaniyalik Tomas Fayl bilan tanishganman, – deydi Gulmurod Zarifullayev. – U qishlog‘imizning tabiati, joylashgan o‘rnini ko‘rib, bu yerlarda turizmni rivojlantirish maqsadida kelgan sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish mumkinligini aytgan edi. Bir kuni 4-5 ta xorijlik kelib dam olish va qishloq tabiatidan bahramand bo‘lish uchun mehmonxona kerakligini aytib qoldi. Ikkilanmay uyga taklif qildim va ularga oilamiz bilan imkon qadar xizmat qildik. Shu-shu qishloqda birinchilardan bo‘lib mehmonxona xizmatini tashkil etib faoliyatimizni olib boryapmiz. Oilaviy mehmon uyimizda bir vaqtlar Germaniyaning davlatimizdagi elchisi oilasi bilan dam olgan.
2020 yilda pandemiya oqibatlari boshqa yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi ushbu tizim rivojida ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Sayyohlar soni keskin kamayib ketdi. Qiyinchilikdan chiqib ketishda esa Prezidentimizning 2020 yil 19 iyundagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ayni muddao bo‘ldi.
Farmonga ko‘ra, turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrga qadar foyda solig‘i stavkasi belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirilishi, 2020 va 2021 yil yakunlari bo‘yicha zararlarni O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilgan miqdor bilan cheklamagan tarzda o‘tkazish huquqi berilishi, 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash to‘xtatilishi ushbu yo‘nalish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun juda katta va qulay imkoniyatdir.
bugungi kunda tumanda turizmni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2019-2021 yillarda turizm sohasida umumiy loyiha qiymati 11 milliard 120 million so‘mlik 8 ta investitsion loyiha amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, shu kunga qadar 1 ta mehmonxona, 1 ta xostel va 1 ta oilaviy mehmon uyi va 1 ta dam olish maskani ishga tushirildi va 20 ta yangi ish o‘rni yaratildi. “Manzarahoi Sentob” MCHJ tomonidan 40 o‘rinli oilaviy mehmonxona tashkil etildi.
Joriy yilda esa umumiy loyiha qiymati 9 milliard 220 million so‘mlik 4 ta investitsion loyiha ishga tushirilishi belgilangan.
2019 yilda Prezidentimizning Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida Chashma kompleksi atrofini qayta rekonstruksiya qilish, hududini kengaytirish, qo‘shimcha mehmonxonalar va sayyohlar uchun xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.
Natijada Nurota tumanida mahalliy va xorijiy ziyoratchilar uchun zaruriy infratuzilmani rivojlantirish maqsadida respublika byudjetidan 4 milliard so‘m, mahalliy byudjetdan esa 2,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Chashma kompleksi atrofi qayta ta’mirlanib, hududni kengaytirish, hunarmandlar uchun markaz, yoshlar uchun 2 ming o‘rinli amfiteatr, xiyobonlar, zamonaviy favvoralar tashkil etilib, 80 o‘rinli zamonaviy mehmonxona barpo etilmoqda.
Joriy yilda tumanda tog‘ turizmni rivojlantirish maqsadida Dara hamda Sentob qishlog‘ida yengil konstruksiyali (konteynerli) dam olish maskanlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Aholini ish bilan ta’minlash va daromadlarini oshirish maqsadida, tumanning salohiyatidan kelib chiqib, “Sentob” qishlog‘i va “Said ota” mahallasida “Turizm qishlog‘i” va “Turizm mahallasi” tashkil qilinib, 30 ta oilaviy mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va bu orqali yuzga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi ta’minlanadi.
Xullas, kelgusida Nurota tumani, xususan Sentob qishlog‘i haqiqiy turizm maskaniga aylanadi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA