“Seni kuylaymiz, zamondosh!”
O‘zbekiston teatrlarining VI respublika onlayn ko‘rik-festivali boshlandi.
Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan "Seni kuylaymiz, zamondosh!" teatr festivali 2011 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.
Ko‘rik-festivalning maqsadi Vatanimiz mustaqilligi, milliy qadriyatlarimiz va yurtimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini tarannum etuvchi, yurt tinchligi va obodligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan, ilg‘or fikrli zamondoshlarimiz obrazlari aks etgan zamonaviy mavzulardagi spektakllarni yaratishdan iboratdir. Shu bilan birga, ko‘rik-festival o‘zaro ijodiy tajriba almashishni yuzaga keltirish hamda tomoshabinlarimizni O‘zbekiston teatr san’atining eng sara namunalari bilan yaqindan tanishtirishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilning 26-30 may kunlari o‘tkazilayotgan “Seni kuylaymiz, zamondosh!” O‘zbekiston teatrlarining VI respublika onlayn ko‘rik-festivalida yurtimizning 9 ta davlat teatri rang-barang mavzudagi zamon qahramonlari aks etgan spektakllari bilan ishtirok etmoqda.
Spektakllar Facebook, Youtube, Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etiladi.
Ko‘rik-festival O‘zbek Milliy akademik drama teatrining “O‘zgalar dardi” spektakli bilan boshlandi.
N.Usmonova,
O‘zA