Senatorlar dolzarb qonunlarni qabul qilmoqda
Avval xabar qilganimizdek, bugun Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.
Avval xabar qilganimizdek, bugun Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.Senatorlar o‘z ishini “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdan boshladi. Mazkur qonun mamlakatimizda qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar tarqatilishini huquqiy jihatdan tartibga solish, ularning mazmun-mohiyatini ijrochilar va aholiga yetkazishning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunini tasdiqladi. Ta’kidlanganidek, mazkur qonun bolalarni buzg‘unchi, ularning ruhiyatiga zarar yetkazuvchi ta’sirlardan himoya qilish, sog‘ligiga zarar yetkazuvchi axborotlar tarqatilishni cheklashni ta’minlaydi.
Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi qonunini ko‘rib chiqdi. Mazkur qonun tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Shuningdek, davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida samarali muloqotni mustahkamlash, ishbilarmon doira vakillari faoliyatini rag‘batlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi holatlariga barham berish imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, yalpi majlis ish kunining birinchi yarmida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama etildi va senatorlar tomonidan tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi davom etmoqda.