Senator so‘rovi: Chilonzorda daraxtlar kesilishining oldi olinadimi?
Mamlakatimizda aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil hududlarni kengaytirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, daraxtlarni kesishga nisbatan moratoriy joriy etilgan. Qonunchilikka muvofiq, daraxtlarni noqonuniy kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Qoidabuzarlarga kesilgan daraxt o‘rniga ko‘chat ekish va ularni parvarishlash majburiyati yuklatilgan.
Biroq, ko‘rilayotgan choralarga qaramay, ayrim hududlarda daraxtlarni kesish holatlari saqlanib qolmoqda va bu aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotir.

Shu munosabat bilan Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov nomiga senator so‘rovi yubordi.
Senatorlar Toshkent shahar Chilonzor tumanida o‘tkazgan uchrashuvlarda fuqarolar shu masalada murojaat qilgan. Xususan, Chilonzor tumani 17-daha Botirma mahallasidagi 33-uyga tutash hududda fevral oyida to‘siqlar o‘rnatilib, qurilish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilgani hamda bu yerdagi ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlanishi xavfi mavjudligi bildirilgan.
Mazkur holat inobatga olingan holda senator so‘rovida hududning hozirgi holati va uning to‘siqlar bilan o‘rab olinishi sabablari, ushbu joyda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar hamda ularning shaharsozlik normalariga muvofiqligi yuzasidan tushuntirish berish so‘ralgan.
So‘rovda hududdagi daraxtlar xatlovdan o‘tkazilganligi, daraxtlar kesilishining oldini olish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan aniqlik kiritish so‘ralgan.
N.Abduraimova,
O‘zA