Senator “Mustaqillik shukronasi” darsini o‘tdi
Erta tongdan yurtimiz ko‘chalari yuz-ko‘zlarida quvonch bilan maktab sari oshiqayotgan jajji o‘g‘il-qizlar, o‘quvchi yoshlar bilan gavjum. Yozgi ta’til vaqtida sokinlik hukmronlik qilgan ta’lim dargohlari yana o‘quvchilarning shodon va baxtiyor kulgilari bilan to‘ldi.
Farg‘ona viloyatidagi umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda senatorlar, viloyat, shahar va tuman hokimlari va sektor rahbarlari qatnashib, Mustaqillik darslarini o‘tishdi.
Marg‘ilon shahridagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi Manzura Salimova ishtirok etib, yoshlarga yangi o‘quv yilida ulkan zafarlar tiladi.

Yangi o‘quv yilida shahardagi maktablarning 1-sinfiga 3 ming 600 nafar bola qabul qilinib, ularga o‘quv qurollari, maktab sumkasi, darsliklar majmuasidan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi.
Senator tomonidan “Mustaqillik shukronasi” dars soati o‘tilib, o‘quvchilarga mamlakatimizning shonli yo‘li, o‘z mustaqilligi, erkin va farovon hayotiga erishguniga qadar turli sohalarda olib borilgan o‘zgarishlar, yangilanishlar xususida so‘z yuritildi. Ta’lim tizimida yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar faxr bilan tilga olindi. Ertamiz egalariga Vatanga munosib farzand bo‘lish, imkoniyatlardan unumli foydalangan holda yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishlari lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, senator 19-maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, o‘rganish ishlarini olib bordi. Bolajonlarga zarur sharoitlarni yaratib berish, taomnomaning talab darajasida tashkil etilishi, qozonxonalarni kuz-qish mavsumiga puxta tayyorlash, issiqlik ta’minotini yaxshilash borasida tavsiyalar berildi.
M. Sulaymonov, O‘zA