Senatning navbatdagi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi
Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda senatorlar, idora va tashkilotlar rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda Prezidentimizning parlamentga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ko‘tarilgan masalalarga e’tibor qaratildi.
Samarali davlat boshqaruvi bo‘yicha fundamental islohotlar amalga oshirilishi aytilgani, parlament nazorati kuchaytirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Yalpi majlisda “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi, “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida”gi, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi bitimni (Toshkent, 2022 yil 29 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni ham ko‘rib chiqish kun tartibiga kiritilgan.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha belgilangan loyihalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hamda 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining 2022 yildagi ijrosi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni tasdiqlash masalasi ham muhokama qilinadi.
N.Abduraimova,
O‘zA