Senat Raisi aholi bilan muloqot qildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi ishchi guruh poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududda “mahallabay” tizimi, aholi turmush farovonligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish va aholi bilan bevosita muloqot qilish maqsadida mazkur tumanda bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari har bir chiqishida rahbarlarning quyi bo‘g‘inga tushib, real holatni o‘rganishi, odamlarning og‘irini yengil qilishi, ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishi yuzasidan topshiriqlar beradi.
Qayd etish lozim hozirgi kunda deyarli barcha soha rahbarlari ish faoliyatini shu zaylda olib bormoqda. Bu aholi farovonligini oshirish, mavjud muammolarni joyida hal etish uchun muhim ahamiyatga egadir.
Senat Raisi dastlab «Alisher Navoiy» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasiga tashrif buyurdi. Ilgari tashlandiq bo‘lgan mazkur joyda ayni damda o‘quv markazi, mahalla kutubxonasi hamda ayollar uchun tikuvchilik sexi mavjud.
O‘quv markazi bir vaqtning o‘zida 20ga yaqin o‘quvchini sig‘dira oladi. Markaz zamonaviy kompyuterlar va maxsus o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan. Bu yerda turli soha mutaxassislari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha dars o‘tishi mumkin.
Markazda «Ustoz-shogird» an’anasiga asosida tikuvchilik sexi tashkil etilgan bo‘lib, unda 5ta zamonaviy tikuv mashinasi joylashtirilgan. Mahalla xotin-qizlari uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etilgan.
T.Norboyeva xotin-qizlar bilan muloqot qilar ekan, ayollar bu yerda tikuvchilik sir-sinoatlarini puxta egallashsa, bu kelajakda o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yish uchun zamin bo‘lishini ta’kidladi.
Mahalla kutubxonasidan bugungi kunda 5 mingdan ortiq huquqiy, badiiy va jahon adabiyotiga doir kitoblar o‘rin olgan. O‘quvchilar uchun maxsus elektron kitoblar jamlanmasi ham mavjud. Shuningdek, Prezident asarlari va mamlakatimiz tarixiga oid tarixiy kitoblar ham bor.
Markazdan sartaroshxona va texnikalarni tuzatish ustaxonasi ham o‘rin olgan.Umuman, bu maskan mahalla fuqarolari uchun kundalik hayotda zarur bo‘ladigan maishiy xizmat ko‘rsatish markaziga aylantirilgan.
Shu yerda Senat Raisi aholi bilan jonli muloqot qildi.
– Hammamizga ma’lum keyingi to‘rt yilda davlat idoralari rahbarlari, hokimlar, vazirlar, deputatlar xalqqa yaqin bo‘lib, pastga tushib, muammolarni hal qilish bo‘yicha yangicha tizimda ishlamoqda, – dedi Senat Raisi. – Qarang, mamlakatimizda qanchadan-qancha o‘zgarishlar bo‘lyapti. Qiyoslaydigan bo‘lsak, eng katta muammo odamlarda uy-joy bilan bog‘liq muammo bo‘lgan ekan. 5 yil oldin shaharni aylanib, qanday muammo bor, deb so‘rasangiz, odamlar muammomiz yo‘q, derdi. Gapirolmasdi, gapirishga qo‘rqar edi. 4-5 oila bitta uyda tiqilib yashashgan. Xotin-qizdar qo‘mitasida ishlab yurganda ajrimlarni tahlil qilganda aksariyat ajrimlar shu masala bilan bog‘liq ekanligini bilganmiz. Birinchi muammo uysizlik bo‘lsa, ikkinchi muammo ishsizlik bo‘lgan. Mana hozir har qadamda uy-joy qurilmoqda. Arzon uylar ham, qimmat uylar ham qurilyapti. Hamma o‘z imkoniga qarab olyapti. Bu yildan boshlab tilimizga ijtimoiy uylar degan ibora kiritilyapti. Ya’ni birinchi to‘lovini to‘lolmaydigan oilalar uchun ijtimoiy uylar beriladi. Bu uylar hokimliklarning balansida turadi, oila qancha yashasa, yashayveradi. Ikki-uch yilda uy- joyga juda katta ehtiyoj qolmaydi. Yana bir narsaga urg‘u bermoqchiman, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” bular o‘tkinchi. Chunki, yaqin yillar ichida aholi farovonligi oshib, ushbu daftarlarga ehtiyoj qolmaydi. Mirzo Ulug‘bek tumani haqida gapiradigan bo‘lsak, bu tumanning o‘ziga yarasha fayzi bor. Ko‘chalari obod va ko‘rkam. Juda katta o‘zgarishlar, yangilanishlar bo‘lyapti. Shu bilan birga muammolar ham bor, albatta. Masalan, ichki yo‘llar ta’mir talabligi, transformatorlar, elektr simlari eskirganini aytish mumkin. Bular albatta hal bo‘ladigan muammolar. Eng katta yutuq, sizlar bilan erkin gaplashadigan, fikrlashadigan bo‘ldik.
Mahalla fuqarolari ham muloqot davomida bir qator masalalarni o‘rtaga tashladi. Xususan, ehtiyojmand aholi vakillari uchun dorixonalardagi dorilar narxini imtiyozli ravishda belgilash, ajratilayotgan kreditlar foizini pasaytirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Shundan so‘ng, Senat Raisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari «Chimyon» MFY hududida tashkil etilgan aholi uchun qulayliklarga ega alleyani ko‘zdan kechirdi.
Hududda bugungi kunda keng ko‘lamli obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Mahalladagi asosiy ko‘p qatnov ko‘chasida oldin piyodalar yo‘lagi mavjud bo‘lmagan. Ushbu ko‘chada joylashgan chiqindi yig‘ish shoxobchalari betartib joylashgan edi.
bugungi kunda Transport vazirligi va tuman hokimligi hamkorligida ushbu maskan aholi dam olish va hordiq chiqarish uchun ko‘rkam maskanga aylantirilmoqda.
Ishchi guruh a’zolari tumandagi zamonaviy “Diagnostic ctyter” xususiy diagnostika markazi faoliyati bilan tanishdi.
Tibbiy markaz tomonidan «Ayollar daftari»ga kiritilgan yoki sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan mahallalar xotin-qizlariga bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etib kelinmoqda. Mahallalardagi 120ga yaqin xotin-qizning murojaati qanoatlantirilgan va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Tegishliligi bo‘yicha maslahatlar berilgan.
Tanzila Norboyeva bu yerda onkologik kasalliklarni ham diagnostika qilish, tekshirish xizmatini yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi.
Diagnostika markazi va tuman tibbiyot birlashmasi doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan va tashxis natijalariga asosan tuman tibbiyot birlashmasi orderlar topshiradi.
Keyingi manzil Hamid Olimjon mahallasidagi 1-ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida joylashgan xususiy tadbirkor tomonidan tashkil etilgan «Aygul» mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi.
Ushbu tadbirkorlik sub’ektining asosiy yo‘nalishi tikuvchilik va bezak berish ekan. bugungi kunda ushbu markazda 12 nafar xodimga ish o‘rni yaratilgan.
«Aygul» korxonasi xuddi shu manzildagi 3 va 4- uylarning yerto‘lasida ham o‘quv markazi, ofis va sport markazi tashkil etgan. Umumiy hisobda uchta ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida 62ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
[gallery-1776]
Nurillo Nasriyev, O‘zA