Senat ishchi guruhi chiqindilarni boshqarish tizimidagi muammolarni o‘rgandi
Shaharlarda sanitariya-tozalash ishlarini samarali tashkil etish, qattiq maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida yig‘ish va olib chiqish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda chiqindilarni boshqarish tizimida mavjud infratuzilma va maxsus texnikalardan samarali foydalanish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev boshchiligidagi ishchi guruh shu masalaga e’tibor qaratilib, “Maxsustrans ishlab chiqarish boshqarmasi” davlat korxonasining faoliyati, xususan, chiqindilarni yig‘ish va tashish tizimi, mavjud infratuzilma hamda sohadagi muammolar o‘rganildi.
Xususan, “Yakkasaroy” chiqindilarni qayta yuklash shoxobchasi hamda Sergeli tumanidagi 18-sonli chiqindi maydonchasidagi mavjud holat bilan yaqindan tanishildi.
Mazkur ob’ektlarda ish jarayonining tashkil etilishi, sanitariya va ekologik talablarning bajarilishi, shuningdek, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
“Yakkasaroy” chiqindilarni qayta yuklash shoxobchasi orqali bir kunda o‘rtacha 2,8 - 3,2 ming tonna atrofida qattiq maishiy chiqindilar tashib chiqarilishi, mazkur jarayonda chiqindilar harakati elektron tarozi va videokuzatuv tizimlari orqali nazorat qilinishi ma’lum bo‘ldi.

Sergeli “Maxsustrans” avtotransport filiali faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Filial tomonidan 32 mahallada istiqomat qiluvchi 173 mingdan ziyod aholi hamda 1 mingdan ortiq korxona va tashkilotga sanitariya-tozalash xizmatlari ko‘rsatiladi. Filial tasarrufidagi maxsus texnikalar va chiqindi yig‘ish maydonchalarining holati, ulardan samarali foydalanish hamda chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘rganishlar davomida chiqindilarni yig‘ish va tashish hajmi ortib borayotgani va xizmat ko‘rsatiladigan hududlar kengayishi tufayli maxsus texnikalar va chiqindi konteynerlarini yangilash, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish zarurligi qayd etildi.
O‘rganish yakunida tizimda o‘z yechimini kutayotgan masalalarni bartaraf etish, korxonaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va chiqindilarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA