Sektorlar rahbarlari uchun o‘quv- seminar
Jizzaxda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali tomonidan shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari uchun o‘quv-seminarlar uyushtirilmoqda.
Seminarda sektorlar faoliyati shaffoflikni ta’minlagan holda har chorakda “Samaradorlik.uz” elektron platformasi orqali baholanib borilishi, yil yakunida baholash natijasiga ko‘ra, respublika darajasida “Eng namunali sektor” hamda viloyat darajasida “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, rag‘batlantirib kelinayotgani to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berilayapti.

O‘quv- seminar ishtirokchilariga ushbu baholash tizimi hamda unga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati bo‘yicha ham batafsil tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Kuni-kecha bo‘lib o‘tgan seminarda shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari, 3-sektor rahbarlari hamda ularning kotiblari ishtirok etdi.

Tadbirda 9 ta baholash ko‘rsatkichi muhokama etilib, unda aholining sektorlar rahbarlari faoliyatidan qoniqish darajasi, fuqarolar murojaatlarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi (ijobiy hal etilishi) inobatga olinishi hamda “mahalla yettiligi” vakillari faoliyati samaradorligiga e’tibor qaratish lozimligi tushuntirildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri