Sektor rahbarlari yoshlar bilan uchrashdi
Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi “KELAJAK” yoshlar markazida sektor rahbarlari yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tuman hokimi va korxona-tashkilotlar rahbarlari yoshlarni qiynab kelayotgan muammolar, taklif va murojaatlarni tinglab, atroflicha muhokama qildi.

– Uchquduq tumanida nimaiki ezgu ishlarga qo‘l urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-g‘ayratingiz suyanamiz, – dedi tuman hokimi Soli Hamroyev. – “Yoshlar sanoat zonasi”dagi o‘nlab loyihalar siz kabi yoshlar tashabbuslari bilan amalga oshirilmoqda. Bu yerdagi 22 ta loyiha doirasida yoshlarimiz uchun 67 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, 51 nafar yigit-qizning tadbirkorlik loyihalari uchun 975 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.
Joriy yil o‘tgan 6 oyida “Yoshlar daftari”ga kirgan 165 nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 569,5 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 81 nafar talabaning kontrakt puli, 12 nafar yigitning 68,8 million so‘m miqdoridagi safarbarlik chaqiruvi rezervi uchun belgilangan badal pullari to‘lab berildi.

Uchrashuvda tuman miqyosida ijodiy kechalar o‘tkazish, kinozal tashkil etish, muqobil energiya ishlab chiqarish, ya’ni quyosh batareyalaridan keng foydalanish hamda ichki turizmni rivojlantirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Uchrashuvda yoshlar tomonidan bildirilgan 20 ga yaqin taklif hamda murojaatlar taalluqliligi bo‘yicha tashkilot va idoralar mutasaddilari tomonidan nazoratga olindi.
Uchrashuv so‘ngida mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 14 nafar yoshlar yetakchilariga xizmatda foydalanish uchun kompyuter jamlanmasi va kameralar berildi.

“Yoshlar oyligi” doirasida bo‘lib o‘tgan turli musobaqalarda intellektual salohiyati, iqtidor va izlanuvchanligi, tashabbuskorligi va yetakchiligi bilan barchaga o‘rnak bo‘lgan bir guruh yoshlar rag‘batlantirildi. Jumladan, “Zakovat” intellektual o‘yinining Uchquduq tuman bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan “Yuksalish”, “Zukko kitobxon” tanlovida tuman va viloyat bosqichlarida faxrli birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan “Uzunquduq” jamoasi a’zolariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA