Sayyor qabulda muammolar hal bo‘ldi
Namangan viloyati Pop tumanidagi Chodak boshi mahallasida joylashgan “Oltinkon” madaniyat markazida viloyat Adliya boshqarmasi Hududiy fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish arxivi tomonidan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” shiori ostida o‘tkazilgan sayyor qabulda ko‘plab fuqarolarning ancha yillardan beri hal etilmay kelayotgan muammolariga yechim topildi.
Tog‘li tabiat qo‘ynida joylashgan Chodak viloyatning eng chekka va olis qishlog‘i bo‘lib, hududdagi to‘qqizta mahalla fuqarolar yig‘inida 35 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tug‘ilish qayd etilmagani oqibatida shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lmagan, yaqin qarindoshining o‘limi qayd qilinmagani sababli kadastr hujjatlaridagi muammolar kabi o‘nlab masalalar yuzasidan ko‘plab fuqarolar kun davomida malakali mutaxassislar, tashkil etilgan onlayn platformalar orqali yechim topdilar.


Fuqaro Abdumannon Masharipov va Adolatxon Hozirova 2001-yil avgust oyida turmush qurishadi. Ular uch nafar farzandli bo‘lishadi. Dilbandlari ulg‘aygach, hujjatlarni rasmiylashtirishda nikohi qayd etilmagani sababli muammoga duch kelishdi. Sayyor qabul bo‘lishini eshitib, nikoh bor-yo‘qligi haqidagi ma’lumotnomani olish to‘g‘risida ariza yozishdi. Mazkur murojaatga asosan ularga nikoh guvohnomasi rasmiylashtirishga kirishildi.
– Otam hadya etgan uy-joy kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish borasida to‘rt yildan beri qiynalib kelayotgandim, – deydi Oltinkon mahallasida yashovchi fuqaro Shohsanam Mamatova. – Sayyor qabul uy-joyga bo‘lgan egalik huquqimni tiklashga oid hujjatlarimni onlayn rasmiylashtirib olishimga katta yordam berdi, tashkilotchilardan behad minnatdorman.


Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Tadbir doirasida sayyor qabulga kelgan 500 dan ziyod kishiga “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatildi. FHDYO qaydlariga asosan 37 nafar kishiga tug‘ilish, o‘lim, nikoh, otalik, yolg‘iz ona, ism va familiyani o‘zgartirish haqidagi ma’lumotnomalar taqdim etilib, 150 dan ortiq fuqaroning shaxsiga doir ma’lumotlaridagi noaniqliklar shu joyning o‘zida bartaraf etildi.
Shuningdek, FHDYO hujjatlariga ko‘ra, besh yuzdan ziyod oila tarkibi shakllantirilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri raqamlashtirish jarayonlari amalga oshirildi. Shu joyning o‘zida muammolari hal bo‘lgan fuqarolarga hujjatlar topshirildi. Qolaversa, fuqarolarga elektron hukumat portali platformasidan foydalanish tartibi yuzasidan tushunchalar berildi. Sayyor qabul davomida adliya boshqarmasi tomonidan 50 dan ortiq fuqaroning ko‘chmas mulk tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq murojaatlarining aksariyati bartaraf etilib, muddat talab etilganlari tegishli tartibda ijroga qaratildi.


Bundan tashqari, aksiya doirasida tegishli idoralar mutaxassislari bilan birgalikda Chodakdagi “Art soft holding” kompaniyasi tekstil fabrikasida mehnat qilayotgan xotin-qizlarga fuqarolik holati hamda pensiya nafaqalariga doir maslahatlar berilib, ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Tadbirda hech kim e’tibordan chetda qoldirilmadi. Xususan, 1998-yilda tug‘ilgan birinchi guruh nogironligi bo‘lgan Behruz Sobirovning xonadoniga borilib, uning murojaati o‘rganildi hamda manzilli tarzda hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Bunday sayyor qabullar o‘z navbatida xalqimizning tashvishlarini tinglash, muammolariga yechim topish, aholining hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, yurtimizdagi barcha islohotlar, avvalo, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri