Sayyor qabul — muammolar yechimiga yo‘l
Inson manfaatlarini ta’minlash, aholini o‘ylantirayotgan masalalarni joyida hal etish va davlat idoralarining xalq bilan ochiq muloqotini kuchaytirish bugungi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Jizzax viloyati Baxmal tumanida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qildi.
“Xalq bilan birga” umummilliy loyihasi doirasida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida tashkil etilgan sayyor qabul aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganish, ularga amaliy yechim topish va fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishning yana bir muhim maydoni bo‘ldi.

Tadbirda O‘zLiDeP Jizzax viloyati Kengashi rahbariyati, mahalliy Kengash deputatlari, tuman hokimligi mutasaddilari, tegishli idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Qabul davomida fuqarolarning ichimlik suvi va tabiiy gaz ta’minoti, ichki yo‘llarni ta’mirlash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoya bilan bog‘liq murojaatlari tinglandi.

E’tiborlisi, har bir murojaat yuzaki emas, balki atroflicha o‘rganilib, mas’ullar ishtirokida uni hal etishning aniq mexanizmlari belgilab olindi. Ayrim masalalar joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlar ijrosi nazoratga olindi.

Bugun mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. Bu tamoyil bugun davlat boshqaruvining bosh mezoniga aylanib bormoqda. Davlat rahbarining “rahbarlar hayotni o‘rganishi, oyog‘i yerdan uzilmay xalqqa xizmat qilishi kerak” degan fikrlari esa har bir rahbar va mutasaddi uchun dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.

Baxmaldagi sayyor qabul ham aynan ana shu ezgu g‘oyalarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Zero, odamlarning dardu tashvishini kabinetda o‘tirib emas, balki ular bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lib anglash va hal etish mumkin. Bu esa xalq ishonchini mustahkamlash, hududlardagi ijtimoiy muammolarni bartaraf etish hamda inson qadrini yuksaltirishning eng ta’sirchan yo‘lidir.
Bunday ochiq muloqotlar aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlab, har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini amalda namoyon etmoqda. Eng muhimi, bu kabi uchrashuvlar xalq dardini eshitish, uning og‘irini yengil qilish va hayotdan rozi insonlar sonini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumov,O‘zA muxbiri