Sayyohlarni maftun etayotgan betakror muhit
Qadimiy tarix, betakror me’moriy obidalar va asrlar silsilasidan o‘tib kelayotgan boy madaniy meros maskani bo‘lgan Buxoro bugun nafaqat o‘zining ko‘hna yodgorliklari, balki milliy ruhni tarannum etuvchi muhiti bilan ham mehmonlarni hayratga solmoqda. Endi shaharga tashrif buyurgan har bir sayyoh Buxoroni nafaqat ko‘zlari bilan tomosha qiladi, balki uning milliy musiqa ohanglarini ham tinglaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda belgilangan vazifalar hamda davlat rahbarining 2026-yil 2-iyundagi “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro viloyatida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida bugun viloyatdagi xalqaro aeroport, temir yo‘l vokzallari, mehmonxonalar, restoranlar va turistik xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida milliy kuy-qo‘shiqlar muntazam yangramoqda. Bu esa sayyohlarning Buxoro haqidagi ilk taassurotlari yanada yorqin bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda.

Ayniqsa, xalqaro aeroport yoki temir yo‘l vokzaliga qadam qo‘ygan mehmonlarning qulog‘iga chalinayotgan dilbar maqomlar, xalq kuylari va milliy musiqa namunalari ularni go‘yo o‘zbek xalqining ko‘p asrlik madaniyati bag‘riga chorlaydi. Musiqaning jozibali sadolari mehmonlarda iliq kayfiyat uyg‘otib, ularni tarix va an’analar uyg‘unlashgan muhit bilan qarshi oladi.
Shahardagi katta va kichik mehmonxonalarda ham milliy musiqa alohida muhit yaratmoqda. Sayyohlar dam olayotgan vaqtda o‘zbek milliy cholg‘ulari navolari, mumtoz qo‘shiqlar va xalq ohanglari yangrab, ularga mamlakatimizning boy ma’naviy merosini his qilish imkonini bermoqda. Restoranlarda milliy taomlardan bahra olayotgan mehmonlar esa lazzatli taomlar bilan bir qatorda o‘zbek musiqa san’atining noyob namunalaridan ham zavq olmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, turizm sohasida musiqiy muhit yaratish dunyo amaliyotida keng qo‘llaniladigan samarali usullardan biri hisoblanadi. Chunki mehmonning xotirasida nafaqat ko‘rgan manzaralari, balki eshitgan ovozlari va his qilgan tuyg‘ulari ham muhrlanib qoladi. Shu ma’noda, Buxoroda amalga oshirilayotgan mazkur tashabbus milliy madaniyatimizning jonli targ‘ibotchisiga aylanmoqda.

Bugun ko‘hna va boqiy Buxoro ko‘chalarida, mehmonxonalarida va sayyohlik maskanlarida yangrayotgan har bir navo mehmonlarga bir haqiqatni anglatmoqda: bu yurtning tarixi qanchalik buyuk bo‘lsa, uning madaniyati va san’ati ham shunchalik boy va betakrordir. Milliy musiqa sadolari ostida sayr qilgan har bir mehmon Buxorodan nafaqat go‘zal xotiralar, balki unutilmas taassurotlar bilan yurtiga qaytmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari