Saylovoldi tashviqotiga start berildi (+video)
Bu yil bo‘lib o‘tadigan parlament va mahalliy Kengash deputatlari saylovi tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Bugun Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish hamda saylovoldi tashviqotiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Majlisda qayd etilganidek, mamlakatimizdagi beshta siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan jami 375 nafar nomzod ro‘yxatga olindi.
Shuningdek, yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan jami 500 nafar partiya ro‘yxatidagi nomzodlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi. Ya’ni, siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 3 ming 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga esa jami 24 ming 850 nafar nomzod ko‘rsatildi.
Shuningdek, majlisda saylovning eng muhim bosqichi – saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti 2024 yil 22 sentyabrdan boshlanishi e’lon qilindi.
Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan davlat markaziy va hududiy teleradiokanallari hamda gazetalarida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun saylovoldi tashviqoti davrida bepul efir vaqti hamda nashr maydoni hajmi ajratildi.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatish mumkinligi aytib o‘tildi. Bunda materialning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib tayyorlanganligi haqida ma’lumotlar ko‘rsatilishi, biror-bir shaxsning tasviri va ovozi, shuningdek, boshqa ma’lumotlaridan foydalanilganda, ushbu shaxsning oldindan roziligini olish kabi qoidalarga amal qilinishi lozim bo‘ladi.
Shu kunning o‘zida Markaziy saylov komissiyasining matbuot anjumani tashkil etildi. Unda MSK Raisi Z.Nizomxodjayev majlisda qabul qilingan qarorlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javoblar qaytarildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Tgi0d6Lxuz8?si=DcH4aEmZ5ZymGuyI" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Komilova, D.Yakubov, A.Ahmedov (video), O‘zA