Saylovlar tinch, osuda o‘tmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining Surxondaryo viloyat hududiy bo‘limida saylov jarayonida jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash mavzuiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining Surxondaryo viloyat hududiy bo‘limida saylov jarayonida jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash mavzuiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, kapitan Farhod Toshboev hisob berdi.
Bugun viloyatdagi 785 ta saylov uchastkasida muhim siyosiy jarayon ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda.
Viloyatda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish davrida ichki ishlar organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, sohaviy xizmatlar va boshqa tegishli idoralar bilan o‘zaro hamkorlikni tashkil etish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammoli vaziyatlarni tezkorlik bilan o‘z vaqtida bartaraf qilish uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbarlaridan iborat saylov shtabi va viloyat sohaviy xizmatlarining malakali xodimlaridan iborat ishchi guruhi tashkil etilib, faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Mavjud saylov uchastkalarida bu jarayonni tinch, osoyishta o‘tkazish uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi va boshqa tegishli organlar zarur chora-tadbirlar belgilab olgan. Shunga asosan saylov uchastkalarida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilgan.
– Viloyatda hozirgacha birorta huquqbuzarlik va boshqa ko‘ngilsiz holatlar sodir etilmadi,¬ – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, kapitan Farhod Toshboev. ¬– Bu mamlakatimizda xalqimizning siyosiy-huquqiy ongi yanada o‘sib, yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usi oshib borayotganiga yaqqol misoldir. Shuningdek, yangi qabul qilingan saylov kodeksiga asosan bu yil mamlakatimizda ilk marta o‘ta og‘ir va og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etmagan mahkumlar uchun yana bir imkoniyat yaratilib, saylovlarda ishtirok etish huquqi berildi. Bu ham mamlakatimizda yuz berayotgan ochiqlik va oshkoralikning amaldagi ifodasidir. Jumladan, viloyat ichki ishlar boshqarmasiga qarashli 9-son tergov hibsxonasi qoshida tashkil etilgan yopiq saylov uchastkasida 113 nafar shaxslar ana shu huquqidan foydalanib, o‘zlari tanlagan nomzodlar uchun munosabatini bildirdi. Viloyatda saylov bayramona kayfiyatda osoyishta davom etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun soat 14..00 gacha viloyatda 598 ming 88 saylovchi ovoz berdi.