Saylovga tayyorgarlik qizg‘in pallada
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 13-Qashqadaryo okrug saylov komissiyasi matbuot markazida ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar uchun brifing o‘tkazildi. Unda okrug hududida uchastka saylov komissiyalarini tuzish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, joriy yilning 24 oktyabrida “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tadigan saylov yangilanayotgan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.
13-Qashqadaryo okrug saylov komissiyasi tomonidan bo‘lajak saylovni siyosiy-huquqiy va tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejasiga muvofiq tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-3874]
Okrug saylov komissiyasi shu yilning 24 avgust sanasida o‘tkazilgan yig‘ilishida tuman va shaharlar hokimliklari taqdimnomasi asosida okrug bo‘yicha 1001 ta saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Saylov uchastkalari haqidagi ma’lumotlar tartib raqami, joylashgan yeri va ovoz berish binosi, telefon raqamlari ko‘rsatilgan holda bosma ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi.
Galdagi vazifa esa uchastka saylov komissiyalarining tarkibini shakllantirishdan iborat bo‘ldi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, saylov jarayonining yuqori saviyada va belgilangan tartiblar doirasida o‘tishida, shubhasiz, uchastka saylov komissiyalarining o‘rni va roli katta. Shu bois, mazkur komissiyalar tarkibiga katta hayotiy tajribaga ega, salohiyatli, bilimli va adolat bilan ish ko‘ruvchi shaxslarni jalb etishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, mutaxassis va ekspertlar tomonidan uchastka saylov komissiyasi raisi, o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlar suhbat va test sinovlaridan o‘tkazildi. Ular saylovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar, saylov qonunchiligi, xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar bilan ishlash tartiblari yuzasidan o‘quv va amaliy seminarlarda ishtirok etib, o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq, okrug saylov komissiyasi tomonidan viloyat hududida besh - o‘n to‘qqiz nafar a’zodan, shu jumladan rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda 1001 ta uchastka saylov komissiyasi tuzildi. Mazkur komissiyalar tarkibiga 14613 kishi jalb etildi. Shularning 5765 nafarini xotin-qizlar tashkil qilmoqda. Komissiya a’zolarining 2328 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlardan iborat.
Komissiyalar a’zolari tarkibi mutaxassisligi bo‘yicha tahlil etilganda, pedagoglar 7705, shifokorlar 971, iqtisodchilar 720, huquqshunoslar 240, muhandislar 665 nafar, jurnalistlar 30 nafar va 4282 nafar boshqa kasb egalari ekanligini ko‘rish mumkin. Uchastka saylov komissiyalari tarkibida 855 nafar qoraqalpoq, qozoq, rus, tojik, koreys, turkman va boshqa millatlar vakillari faoliyat olib boradi. Komissiya a’zolarining 8599 nafari, yoki qariyb 59 foizi avvalgi saylovlarda komissiyalar tarkibida bo‘lgan, ya’ni saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan fuqarolardir.
Qaror qabul qilish jarayonida okrug saylov komissiyasida uchastka saylov komissiyalarining sifat tarkibi atroflicha muhokama qilinib, saylov kampaniyasining navbatdagi muhim bosqichlarida saylov uchastkalarida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar, muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘lmas Barotov, O‘zA