Saylovda navoiylik nuroniylar ham faol qatnashmoqda
Bugun yurtimizning barcha hududlarida muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur jarayonda barcha yoshdagi yurtdoshlarimiz faol ishtirok etmoqda. 5-Navoiy saylov okrugi Matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, viloyatda umumiy saylovchilar soni 635 ming 793 nafarni tashkil etib, ularning 31 ming 396 nafari 70 yoshdan oshgan saylovchilardir.


Karmana tumani “Do‘rman” mahallasida yashovchi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Pirnazar bobo Turdiyev 103 yoshni qarshi olgan. Bobo bugungi saylovda ishtirok etib, 96-saylov uchastkasida o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi.
– Bugun yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Bu kunlarning qadriga yetishimiz kerak, – deydi Pirnazar bobo. – Ayniqsa, yoshlarimiz o‘tayotgan har bir kunimizdan o‘zlariga kerakli xulosalar chiqarishi, yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanishlari lozim. Bugun biz ovoz berib saylayotgan Prezident, albatta, yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qiladi, deb ishonamiz.


G‘ozg‘on shahridagi mavjud barcha saylov uchastkalarida ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.
103 yoshni qarshilagan Tursunqul bobo Ergashev o‘z siyosiy irodasini ifoda etgan holda farzand va nabiralari ko‘magida 369-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, o‘zi munosib deb bilgan nomzod uchun ovoz berdi.
– Bugun, nafaqat farzandlarim, balki nabiralarim kelajagi, ertangi kuni uchun ham ovoz berdim. Mana saylovga kelib ko‘ryapmanki, aholi befarq emas. Ertalabdan barchalari faol qatnashyapti, – deydi T.Ergashev.
A.Bo‘riyev, O‘zA