Saylov – yurt kelajagi va taqdirini belgilaydi
O‘zbekiston Respublikasida saylov jarayoni bir-birini to‘ldirib boruvchi bir qancha bosqichlardan iborat. Saylov jarayonining bosqichlari deganda, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun belgilangan davrlar tushuniladi. Ular doirasida qonunlarda ko‘zda tutilgan saylov harakatlari, shuningdek, saylovchilar va saylovning boshqa ishtirokchilari huquqlari amalga oshirilishini ta’minlovchi saylov tartib-tamoyillari amalga oshirib boriladi.
Odatda, har qanday saylov jarayoni quyidagi asosiy bosqichlardan tashkil topadi. Saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qilish yoki saylovlarni tayinlash, saylov okruglari va saylov uchastkalarini tuzish, saylov komissiyalarini tuzish, nomzodlar ko‘rsatish va ularni ro‘yxatga olish, saylovoldi tashviqoti, saylovchilar ro‘yxatini tuzish, ovoz berishni tashkil etish va saylov natijalarini aniqlash va saylov yakunlarini e’lon qilish.
Zarurat tug‘ilsa, takroriy ovoz berish hamda takroriy saylov o‘tkaziladi. Bular qo‘shimcha bosqichlardir.
Saylovoldi tashviqoti siyosiy partiya dasturi hamda deputatlikka nomzodning qobiliyatiga asoslanadi. Unda turli bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa materiallardan foydalanish mumkin. Ammo sog‘lom raqobatdan holi bo‘lgan saylovoldi tashviqotini o‘tkazish ta’qiqlanadi. Ya’ni, saylovoldi tashviqotini saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish mumkin emas.
Xalqimizda azal-azaldan har qanday raqobat halollik tamoyillari asosida bo‘lishi odatga aylangan. Hozirga qadar milliy sport o‘yinimiz bo‘lgan kurash halollik ramzi hisoblanadi. Saylovoldi tashviqotida ham bir necha siyosiy partiyalar nomzodlari saylovoldi tashviqotini o‘tkazish orqali o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatishga, shu bilan saylovchilarning ko‘proq ovozini to‘plashga intiladi.
Saylov oldi tashviqotiga start berilgach barcha nomzodlar va ularning ishonchli vakillari elektorat bilan yuzma yuz muloqot qilib o‘z dasturlarining har bir bandi bo‘yicha to‘xtalib, fikr aytmoqda. Ushbu jarayon ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni yaqinlashgani sari ushbu jarayon nihoyatda o‘zining avj pallasiga yetmoqda. Har bir partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar, ularning ishonchli vakillari hududlarda aholi bilan muloqot qilib, targ‘ibot-tashviqot ishlarini tobora kuchaytirmoqda.
Ayniqsa, saylovoldi jarayonlarida bir jihat yaqqol ko‘zga tashlanmoqda – xalqimizning siyosiy faolligi, madaniyati ancha yuksalgan. Yangi O‘zbekiston fuqarolari 90-yillardagi fuqarolar emas. Ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati yuqori darajada. bugungi kunda nomzodlarning har bir qadami keng jamoatchilik, OAV nigohida bo‘lib turgani uchun bu yilgi saylov, aytish mumkinki, har bir fuqaro milliy saylov qonunchiligi to‘g‘risida tushunchaga ega.
Nomzodlarning saylovoldi dasturini keng targ‘ib etish, bunda qonunchilikka to‘la-to‘kis amal qilish, ijtimoiy muhitda yetilib kelayotgan kayfiyatini his qilib so‘z aytish masalaning bir qismi bo‘lsa, elektorat bilan yuzma-yuz muloqotlar, g‘alvir suvdan ko‘tariladigan pallada aytilishi lozim bo‘lgan mulohazalar alohida yo‘nalish.
Odamlar nomzodlarning dasturi bilan tanishar ekan, uning ishonchli vakillariga hech tortinmasdan o‘zlarini qiziqtirgan savollarni bermoqda. Shu bilan birga aniq masalalar qo‘ymoqda, tanqidiy fikrlar bildirib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham ro‘y-rost aytayotir.
Yangi O‘zbekistonda odamlar o‘zgargan, bugungi saylovchi – o‘z huquqini biladigan, fikrini bemalol ayta oladigan inson. Joriy saylovlarda uchrashuv va muloqotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri va jonli muloqot tarzida “Layf” (Live) yoritib borilmoqda.
Odamlarning konstitutsiyaviy huquqlaridan eng muhimi saylov jarayonlarida ishtirok etish hisoblanadi. Bugun, ayni shu daqiqalarda bu mavzu har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega. Bugun shuni quvonch bilan aytishimiz mumkinki, mamlakatimizdagi rivojlanish va barqarorlik muvozanati fuqarolarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Bu yurtdoshlarimizning shaxsiy hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan ham izohlanadi. Ayniqsa, fuqarolarimizda mamlakat hayoti va jamiyatdagi yangilanishlar jarayoniga dahldorlik hissi shakllandi.
Shuni alohida aytish mumkinki, jamiyatimizdagi siyosiy erkinlik, oshkoralik ruhi sog‘lom tafakkuri uyg‘oq, fidoiy va tashabbuskor, yaratuvchanlikka tashna va Vatan taqdiriga mas’ul, bunyodkor shaxslar vujudga kelganini anglatmoqda.
Prezident saylovi va unga saylangan nomzod mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga to‘liq ishonch hosil qilamiz. Saylovlar murosasiz, bahs-munozalarga boy bo‘lishi tabiiy. bugungi kunda nomzodlarning davlatimiz kelajagi, xalqimiz manfaati ko‘zlangan saylovoldi dasturlarni partiyalarning g‘oyaviy kurashi fikrlar xilma-xilligi yangi istiqbol ufqlarini shijoatli avlod salohiyatini ochishga yo‘l beradi.
Joriy yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga mamlakatimiz bo‘ylab qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Aynan shu kuni xalqimiz bilan birga bu yurt kelajagini va taqdirini belgilaymiz. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bugun dunyo nigohi O‘zbekistonga qaratilgan. Bu galgi Prezident saylovini ilk bor yangi Saylov kodeksi asosida o‘tkazishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Shu jumladan, saylov yoshidagi, hatto saylov yoshiga yetmagan o‘g‘il-qizlarga ham mamlakatimizda barcha sohalar xususan, milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan tushunchalar berib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha 266 ta okrug saylov komissiyasida 23 nafar, 10 ming 760 ta saylov uchastkasida 24 ming 539 nafar yigit-qiz faoliyat yuritmoqda. Shuning o‘ziyoq yoshlarning saylov jarayonlariga befarq emasligidan dalolat beradi. Joriy yil saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga kiritilgan 21 milliondan ziyod saylovchidan qariyib 7 millionini 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil etadi. Shulardan 880 mingdan ko‘prog‘i ilk marotaba o‘zining saylov huquqidan foydalanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun akkreditatsiyadan o‘tkazilgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilar umumiy soni
380 nafarni, mahalliy OAV vakillari 1357, xorijiy OAV esa
146 nafarni tashkil etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun 37 ta chet davlatlarida 54 ta saylov uchastkalari tuzilgan. Ushbu saylov uchastkalari 14-Toshkent shahar okrug saylov uchastkalariga qarashli.
Saylov kodeksiga ko‘ra muddatdan oldin ovoz berish – fuqarolar saylov huquqini ta’minlashning muhim vositasi. O‘zbekiston Respublikasi saylov kodeksiga asosan, muddatdan oldin ovoz berish
10 kun qolganda boshlanadi va 3 kun qolganda tugatiladi. Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan saylovchi muddatdan oldin ovoz berishi mumkin.
2021 yil 14-20 oktyabr kunlari saylovda muddatidan oldin ovoz berish o‘tkaziladi. Saylovchilarga ovoz berish uchun barcha shart-sharoitlar saylov uchastkalarida yaratilgan.
Saylov uchastkasida muddatdan oldin ovoz berish vaqti soati belgilandi, soat 9:00 dan 19:00 ga qadar davom etadi. Ayniqsa saylov uchastkalarida karantin talablariga rioya etilishini ta’minlash uchun 21 mingdan ortiq tibbiy xodimlar biriktirildi.
Bugun yurtimizda muhim siyosiy tadbir – Prezident sayloviga tayorgarlik jarayoni qizg‘in pallaga kirdi. Ayni paytda saylov kompaniyasining muhim bosqichlari boshlanmoqda.
Bu birinchi navbatda saylov huquqiga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan hamda nomzodlarning saylov oldi tashviqoti jarayonlari bilan ahamiyatlidir. Saylov uchastkalari saylovchilarga qulaylik yaratish maqsadida har tomonlama shinam va ko‘rkam binolarga joylashtirildi. Shuningdek, saylovchilar ro‘yxati yagona elektron ro‘yxatdan saylov uchastkalariga bosqichma-bosqich taqsimlanmoqda.
Mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy voqea bo‘lgan Prezident saylovining xalqaro standartlar va milliy qonunchilik asosida o‘tkazish uchun barcha sharoitlar mavjud.
Prezident saylovini o‘tkazishda saylovchilarga yanada qulay shart-sharoit yaratish maqsadida maxsus bot tashkil etildi. Bunga ko‘ra, saylovchi o‘zi yashab turgan hudud qaysi saylov uchastkasiga tegishli ekanligi hamda saylov uchastkasining manzili joylashgan geolokatsiyasi haqida ma’lumotlarni olishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining har tomonlama puxta tayyorgarlik asosida o‘tkazilishida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlash Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tomonidan amalga oshiriladi.
Prezident saylovi kompaniyasi siyosiy partiyalar, nomzodlar, ishonchli vakillar, faol fuqarolar va ommaviy axborot vositalari , eng asosiysi, saylovchilar uchun ko‘taringki kayfiyatda davom etayapti. Bugun xalqimiz kelgusi besh yillik istiqboli va taraqqiyoti uchun saylovda o‘z ovozini berishga hozirlanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, saylov – mamlakatning siyosiy-ijtimoiy hayotidagi eng muhim jarayonlardan biri sanaladi. Unda har bir saylovchi, shu jumladan, yoshlarning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, yurtimizning taqdiri va ertasiga befarq bo‘lmagan saylovchilarimiz munosib nomzod uchun o‘z ovoz beradi. Ushbu saylovda har birimiz faol ishtirok etaylik.
Orifjon Bozorov,
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori