Saylov uchastkalari saylovga shaymi?
Mamlakatimizda shu yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga o‘tgan davr mobaynida qizg‘in hozirlik ko‘rildi. Tayyorgarlik ishlari qonunchiligimizda belgilangan tartib-qoidalar va talablar asosida tashkil etildi.
Nihoyat, muhim siyosiy tadbir yaqin — saylovga 2 kun fursat qoldi. Xo‘sh, saylovni o‘tkazish va ovoz berishda muhim o‘rin tutadigan saylov uchastkalari bu jarayonga qay darajada tayyor?
Avvalo, ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 49-50-moddalarida ovoz berish binolari hamda uchastka saylov komissiyalari binolarining holati, ushbu binolar va ovoz berish xonalarini jihozlashga doir talablar belgilangan.

Unga ko‘ra, ovoz berish binolarida yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlanishi, saylov byulletenlarini berish uchun joylar ajratilishi hamda saylov qutilari o‘rnatilishi kerak. Ovoz berish binosida boshqa hech qanday siyosiy tadbirlar o‘tkazilishiga ruxsat etilmaydi. Binolarni jihozlash va ularda zarur tartibni saqlab turish mas’uliyati uchastka saylov komissiyasining zimmasida bo‘ladi.
Shuningdek, qonunchiligimizda davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun zarur binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shartligi belgilangan. Lozim bo‘lgan darajada jihozlangan ovoz berish binolari saylov komissiyalariga saylovdan kamida o‘n bir kun oldin taqdim etilishi kerak.

Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni jihozlashda O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i, gerbi, saylov uchastkasining tartib raqami ko‘rsatilgan peshlavha, yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari, saylov qutilari, zarurat bo‘lsa, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari, kuzatuvchilar uchun alohida joylar, saylov sanasiga bag‘ishlangan plakatlar, saylov uchastkasining xaritasi, uchastka saylov komissiyasi a’zolarining tarkibi, ish rejasi, navbatchiliklar jadvali haqidagi axborot, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga taalluqli ma’lumotlar joylashtiriladigan maxsus stend, barcha ro‘yxatga olingan nomzodlarning tarjimai holi va dasturi kabilar, albatta, bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, zarur mebel, ofis texnika vositalari — telefon, printer, Internet jahon axborot tarmog‘iga ulangan va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan kompyuterlar, seyf, kanselyariya tovarlari bilan ta’minlanishi lozim.

Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 86-umumta’lim maktabida joylashgan 443-saylov uchastkasi bilan tanishdik. Uchastka yuqorida qayd etilgan talablarga javob beradigan darajada jihozlangan.
— Bizning saylov uchastkamiz hududida jami 2 ming 275 nafar saylovchilar ro‘yxatdan o‘tgan, — deydi 443-uchastka saylov komissiyasi raisi Feruza Tursumetova. — Ularning 40 foizini 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Shuningdek, 31 nafari birinchi marta ovoz beruvchi yigit-qizlar hisoblanadi. Uchastka saylov komissiyamizning barcha a’zolari saylov jarayoniga tayyor. Bundan tashqari, uchastka binosi barcha kerakli jihozlar bilan ta’minlangan. Ko‘chma urnalar ham tayyorlab qo‘yilgan. Chunki uchastkamiz hududida 40 nafar kelolmaydigan va yotoqdagi qariyalarimiz bor. Ularning uyiga borgan holda ovoz berish tashkil etiladi. Shu bilan birga, ovoz berish binosiga nogironlar aravachasi kiradigan panduslar o‘rnatilgan, 3-ovoz beruvchi kabinamiz esa nogironlar uchun mo‘ljallangan.

Saylov kuni tibbiyot xodimlari ham navbati bilan ishlab turishadi. Tibbiyot xonasi mavjud bo‘lib, barcha belgilangan dori vositalari va tibbiyot asboblari bilan ta’minlangan. Bir so‘z bilan aytganda, saylov uchastkamiz shu yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovini munosib o‘tkazishga, saylovchilarning ovoz berish jarayonlariga to‘la shay holatda turibdi, — deydi uchastka saylov komissiyasi raisi.
Darhaqiqat, oldimizda turgan muhim siyosiy tadbir yurtimiz va xalqimiz ertasi, farzandlarimiz kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shunday ekan, ushbu tadbirni munosib tarzda o‘tkazish, unda faol ishtirok etish muhim. Buning uchun esa respublikamiz hududidagi barcha saylov uchastkalari tayyor holatga keltirilgan.
Muhtarama Komilova, O‘zA