Saylov jarayonlaridagi dinamik o‘zgarishlar: kecha va bugun
Ma’lumki, har bir davlatda Prezidentlik saylovi milliy hamda xalqaro ahamiyatdagi siyosiy jarayon hisoblanadi. Chunki mamlakatning keyingi taqdiri yangi kelayotgan Prezident va uning rivojlantirish strategiyasiga bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasida 2021 yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan Prezidentlik saylovi ham o‘zbek jamiyatining istiqboli uchun muhim hisoblanadi.
O‘zbekiston taraqqqiyotining uchinchi davri 2016 yilning sentyabridan O‘zbekiston hokimiyati va boshqaruviga Prezident Shavkat Mirziyoyevning kelishidan keyingi davr bilan izohlanib, olib borilayotgan islohotlar va ularning mazmuni fuqarolarning tafakkuri va ongiga “Yangi O‘zbekiston” fenomenini olib keldi.
Bu fenomen o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q, albatta. O‘zbekistonda oxirgi 2016 yil 4 dekabrda o‘tkazilgan saylovlardan keyingi jamiyatimizda institutsional hamda funksional islohotlar bunga sabab bo‘ldi.
O‘tgan besh yil mobaynida xalqimiz siyosiy jihatdan uyg‘ondi. Jamiyatimizda siyosiy iqlim tubdan o‘zgardi. O‘zbek jamiyati ochiqlik va oshkorolik sari yangi qadamlarni tashladi. Boshqaruvda davlat idoralari xalqqa xizmat qilish prinsipiga o‘tkazildi. Shundan ko‘rish mumkinki, jamiyatda siyosiy munosabatlar rivojlandi.
O‘tgan besh yilda jamiyatdagi siyosiy kayfiyat, siyosiy partiyalardagi dinamik o‘zgarishlar, saylovdagi faoliyatida o‘zgarishlar ko‘p bo‘ldi. Jumladan, bu yilgi saylov jarayonlari amaldagi 5 ta qonun hamda qator qonunosti hujjatlari o‘zaro unifikatsiya qilinib, yaxlit tarzda bayon etilgan Saylov kodeksi asosida tashkil etilmoqda.
Shuningdek, joriy yilgi Prezidentlik saylovi O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish asosida o‘tkaziladi. O‘tgan 2016 yilgi saylovlarda bu jihat qonunchilik bilan tartibga solinmagan edi. Mazkur jihat ham Saylov kodeksida aks ettirildi.
2016 yildagi Prezidentlik saylovida tenglik kafolatlari Konstitutsiyada belgilanganligiga qaramay, nomzodlar orasida genderlik muvozanati yo‘q edi. Joriy yildagi Prezidentlikka nomzodlar orasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod – Maqsuda Azizovna Vorisova nomzodi ilgari surilmoqda. Bu esa rivojlangan davlatlar qatorida O‘zbekistonda ham yetakchilik uchun kurashda xotin-qizlarning roli va mavqei oshayotganligidan dalolat bermoqda.
2016 yilda o‘tkazilgan Prezidentlik saylovida nomzodlar to‘rttani tashkil etgan edi. Ammo ular orasida ekologiya va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari suradigan nomzod yo‘q edi. Joriy yilda bu tashabbuslarni ilgari suradigan Ekologiya partiyasidan nomzod ishtirok etmoqda. Bu o‘tgan davr mobaynida siyosiy partiyalarning dinamik o‘zgarganligini, ular dastur va maqsadlaridan kelib chiqib, ta’sir o‘tkazayotganligini ko‘rsatadi.
Saylov jarayonlarini targ‘ibot va tashviqot qilishdagi miqdor va sifat o‘zgarishlarini ham alohida e’tirof etish joiz. Joriy yilda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti boshlangandan buyon siyosiy partiyalarning rasmiy veb saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida nomzodlarning saylovoldi chiqishlari, ishonchli vakillarning saylovoldi uchrashuvlariga oid meteriallar joylashtirilmoqda. O‘tgan davrdagi Prezidentlik saylovida esa tashviqotlarning media makondagi roli va ahamiyati unchalik sezilarli darajada emas edi.
Shuningdek, nomzodlar saylovoldi targ‘ibotining geografik ko‘lami, sifati va auditoriyasi jihatidan ham avvalgilardan farq qilmoqda. Chunki o‘tgan besh yil mobaynida mamlakatimizda OAV faoliyati qayta tiklanib, ochiqlik va raqobat muhitiga asoslandi. Mana shu fiqrning o‘zi ham Yangi O‘zbekistonning ochiqlik siyosatini ko‘rsatib beradi.
bugungi saylovlarda nomzodlar o‘rtasidagi bahs va tortishuv masalasi ham raqobat muhitiga asoslanganligini ko‘rishimiz mumkin. Sababi, bugun beshta partiyadan ilgari surilayotgan nomzodlar boshqa partiya nomzodi ilgari surayotgan g‘oya va takliflarga raddiya bermoqda. Bunday raqobat muhiti 2016 yil 4 dekabrda o‘tkazilgan saylovlarda kuzatilmagan edi.
Shuningdek, Prezidentlikka nomzodlar orasida Prezident siyosatini amalga oshirishga qodir bo‘lgan yagona nomzod sifatida hech bir partiyaning nomzodi ilgari surilayotgani yo‘q. Qolaversa, nomzodlar mehnat faoliyati to‘g‘risidagi hikoyalar aytilayotgani yo‘q. Ularning saylov dasturida ilgari surilayotgan strategik ustuvor yo‘nalishlar va amalga oshirish mexanizmlari ochib berilayapti. Bu bilan joriy yildagi saylovda ob’ektiv va xolislik tamoyili aks etgan deb aytishimiz mumkin.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov jarayoniga ham kreativ hamda strategik qarash maqsadga muvofiq. Chunki Prezidentlikka tanlov kelajakka tanlov ekanligini ko‘rsatadi.
Usmon Bo‘tayev,
O‘zMU doktoranti