Saylov demokratiyaning muhim mezoni
Buxoroda Demokratiya va inson huquqlari instituti hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasida muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovlari oldidan, probatsiya nazorati ostida turgan shaxslarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalalari” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda mas’ul tashkilot rahbarlari, probatsiya nazorati ostida turgan shaxslar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Seminarni Oliy Majlis Senati a’zosi, Ombudsmanning Buxoro viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili Abira Huseynova boshqardi.
[gallery-12339]
Tadbirda Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, yuridik fanlar nomzodi Sayyora Xodjayevaning “O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar va ularning xalqaro me’yorlarga mosligi”, Bandlik va kambag‘allikni kamaytirish vazirligining yuridik bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi Shoira Umarovaning “O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi. Ta’kidlanishicha, mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi izchil va keng ko‘lamli islohotlar muddatidan avvalgi Prezident saylovida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikning amalda keng ta’minlanishi uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Seminarda saylovga oid O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tanishtirish va ovoz beruvchilarning ishtirok etish salohiyati oshirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga ekspertlar tomonidan atroflicha javob qaytarildi. Shuningdek, Demokratiya va inson huquqlari instituti tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasida saylov o‘tkazishning o‘ziga xos jihatlari” nomli qo‘llanma tarqatildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA