Saxovat vaqt ham, makon ham tanlamaydi…
El boshiga ish tushgan shunday sinovli kunlarda Sirdaryo viloyati yoshlari qoʻl qovushtirib oʻtirgani yoʻq.
El boshiga ish tushgan shunday sinovli kunlarda Sirdaryo viloyati yoshlari qoʻl qovushtirib oʻtirgani yoʻq. “Saxovat va koʻmak umumxalq harakati” aʼzolari boʻlgan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi aʼzolari tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar tahsinga loyiq.
Yoshlar ittifoqi tashabbusi hamda Yosh fermerlar kengashi, viloyat Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Tomorqa – daromad manbai” shiori ostidagi ishlar qizgʻin davom etmoqda. Viloyat yoshlarining bu sayʼ-harakati olam-olam quvonch bagʻishlagan 55 xonadon egalaridan biri Guliston tumanida istiqomat qiluvchi Xolbuvi aya Nabiyevadir.
– Karantin davrida, ayniqsa, yoshi kattalarga koʻchaga chiqish mumkin emas, deb yeb- icharimizni olib kelib berishgandan keyin chiqmay oʻtirgandik, – deydi Xolbuvi aya Nabiyeva. – Vaqt oʻtib boryapti, yer chopib koʻchat ekish kerak, koʻchaga chiqib, koʻchat-urugʻ olib kelaolmasam, endi nima qildim, deb turgan paytimda, mana bu barakatopkur – yosh yigitlar kelib ogʻirimizni yengil qildi, ming rahmat, “Siz uydan chiqmasangiz, bas, hamma ishni siz uchun oʻzimiz amalga oshirib ketamiz”, deb yerni chopib, turli tuman koʻchat va urugʻlar ekib ketishdi. Bu ezgu ishlarning boshida turganlarga rahmat. Ularning aziz boshlari hamisha omon boʻlsin. Har bir ishda biz keksalarga yaqindan yordam berib, ogʻirimizni yengil, mushkulimizni oson qilayotgan yoshlarimizni Alloh oʻz panohida asrasin. Xalqimizni boshliga sinov boʻlib kelgan bu balodan tez kunlarda forigʻ boʻlishimizda Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin.
– Saxovat koʻrsatish, vaqt ham makon ham tanlamaydi, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi raisining matbuot kotibi Anvar Tuychiyev. – Bugun viloyatdagi yakka-yolgʻiz keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan, oilasida nogironligi bor, boquvchisini yoʻqotgan oilalarning tomorqalariga sirdaryolik yoshlar tomonidan 28 mingdan ortiq turli xil koʻchatlar ekildi. Jumladan, bulgʻor qalampiri, pomidor, karam, qalampir, baqlajon koʻchatlari, bulardan tashqari, 2 ming 200 dona bodring, 11 kilogramm kashnich va ukrop urugʻlari ham ekib berildi.
Bugungi sinovli kunlarni yengib oʻtish maqsadidagi “Biz birgamiz – biz yengamiz!” ezgu tashabbusi ostida birlashgan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi aʼzolari boʻlgan yoshlar yuqoridagi kabi xayrli ishlarni viloyatning barcha tuman va shaharlarida amalga oshirishni rejalashtirmoqda.