“Saxovat” uyida Navro‘z shodiyonalari
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida joylashgan, 1993-yilda tashkil etilgan kichik hajmdagi “Saxovat” uyi bugungi kunda ezgulik va mehr-oqibat maskaniga aylangan. Ushbu muassasa O‘zbekistonda davlat tomonidan moliyalashtirilmaydigan yagona xususiy saxovat uylaridan biri sifatida ahamiyatlidir.
“Saxovat” uyi Saodat Hamidova tashabbusi bilan uning shaxsiy mablag‘lari, homiylar ko‘magi va farzandlari ishtirokida boshqarib kelinmoqda. Shu kunga qadar bu yerda 150 nafardan ortiq yakka yolg‘iz va boshpanasiz fuqarolar panoh topgan bo‘lib, turli millat vakillari bir oiladek ahil yashab kelmoqda.

Hozirgi kunda ushbu maskanda 20 nafar yakka yolg‘iz, nogironligi bo‘lgan fuqarolar doimiy yashab kelmoqda. Ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, mehr va e’tibor ko‘rsatish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Yaqinda mazkur saxovat uyida Navro‘z – yangilanish va yasharish bayrami ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Tadbir Qamashi tumani folklor ansambli, nogironlar jamiyati va homiylar hamkorligida tashkil etildi. Bayram doirasida ikki nafar onaxonning shukrona kunlari ham nishonlanib, ularga alohida ehtirom ko‘rsatildi.

Tadbirda kuy-qo‘shiqlar yangrab, ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday xayrli tashabbuslar jamiyatda mehr-oqibat va insonparvarlik g‘oyalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
E’tiborli jihati shundaki, Saodat Hamidova boshchiligida olib borilayotgan bu ezgu ishlar nafaqat ehtiyojmand insonlarga panoh, balki ularning hayotga bo‘lgan ishonchini tiklashga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri