Savdo xizmatlari hajmi uch oyda 75 trillion so‘mdan oshdi
O‘zbekistonda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biri sifatida yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda. Ayniqsa, ichki iste’mol bozorining kengayishi, chakana va ulgurji savdo aylanmasining ortishi, elektron tijorat xizmatlarining ommalashuvi savdo xizmatlari hajmining sezilarli o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–mart oylarida respublikada savdo xizmatlari hajmi 75,1 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 19,4 foizga oshgani sohada barqaror o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, savdo xizmatlari iqtisodiyotda aholi bandligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatda zamonaviy savdo majmualari, logistika markazlari va elektron savdo platformalari faoliyatining kengayishi ham ushbu sohaning rivojiga turtki bermoqda.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, poytaxtda savdo xizmatlari hajmi 28,4 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu respublika umumiy ko‘rsatkichining katta qismini qamrab olmoqda.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 6,7 trillion so‘m, Farg‘ona viloyati — 5,8 trillion so‘m va Samarqand viloyati — 5,6 trillion so‘m ko‘rsatkich bilan qayd etildi.
Shuningdek, Namangan viloyatida savdo xizmatlari hajmi 4,2 trillion so‘m, Andijonda 4 trillion so‘m, Qashqadaryo viloyatida 3,7 trillion so‘mni tashkil etgan.
Buxoro viloyatida mazkur ko‘rsatkich 3,6 trillion so‘mga, Surxondaryo viloyatida 3,2 trillion so‘mga yetgan. Xorazm viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatida ham savdo xizmatlari hajmi 2 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan.
Navoiy viloyatida 1,7 trillion so‘mlik savdo xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, Sirdaryo viloyatida bu raqam 945,7 milliard so‘mni tashkil etgan.
Aholi daromadlarining o‘sishi, ichki bozorda talabning yuqoriligi va raqamli savdo xizmatlarining ommalashuvi kelgusi davrda ham sohada o‘sish sur’atlarini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA