Savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanmoqda
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida Koreya Respublikasining “Lotte Mart” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida Koreya Respublikasining “Lotte Mart” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
“Lotte Mart” kompaniyasi oziq-ovqat, kiyim-kechak, elektr texnikasi kabi keng turdagi mahsulotlar savdosi va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Uchrashuvda o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va istiqboliga oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.
Janubiy koreyalik ishbilarmonlarga mamlakatimizning eksport salohiyati, Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mazkur sohalarga sarmoya kiritish istiqbollari, qulaylik va imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Mehmonlar to‘qimachilik, bog‘dorchilik, meva-sabzavotchilik, oziq-ovqat sohalarida faol ish yuritayotgan bir qator korxonalar va fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, mahsulot yetishtirish, saqlash, saralash va qayta ishlash jarayoni bilan tanishdi.
– O‘zbekistondagi bir necha to‘qimachilik kompaniyalari faoliyati bilan tanishib, ushbu sohada o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga, O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga to‘qimachilik mahsulotlari eksportini yanada oshirishga kelishib oldik, – dedi “Lotte Mart” kompaniyasining to‘qimachilik sanoati bo‘yicha katta menejeri Xong Yyen Bin. – O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan raqobatbardosh mahsulotlar, yaratilgan qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti, eksportchi korxonalarga berilayotgan imtiyozlar e’tiborga molik.
– Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda, – dedi Samarqand shahridagi “Bofanda” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Aziz Ahrorov. – Mahsulotlarimizni eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishishda bunday uchrashuvlar juda qo‘l kelmoqda. “Lotte Mart” kompaniyasi delegatsiyasi bilan korxonamizda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarini Koreya Respublikasiga eksport qilishga kelishib oldik.
Uchrashuvda O‘zbekistondan Koreya Respublikasiga meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilish bo‘yicha qator bitimlar imzolandi.