Satrlardan qalqib chiqqan hikmatlar
Ustoz Abdulla Oripov she’rlarini har gal o‘qiganda satrlar qatidan yangi-yangi hikmatlar qalqib chiqayotganiga guvoh bo‘lamiz.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda so‘z bordi.
Abdulla Oripov ijodining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatiga bag‘ishlangan mazkur anjumanda olimlar, tilshunoslar, yozuvchi va shoirlar, yosh tadqiqotchilar bilan birga Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlarning ziyolilari ham ishtirok etdi.

Anjumanda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhakimov, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov, akademik, adabiyotshunos olim Naim Karimov, akademik Qalandar Abdurahmonov va boshqalar ta’kidlanganidek, atoqli shoir va jamoat arbobi Abdulla Oripov zamonaviy o‘zbek she’riyatida inson qalbidagi murakkablik va ziddiyatlarni teran, haqqoniy ochib bergan ijodkor bo‘lganini ta’kidladi. Uning she’riyatida vatanparvarlik, mehr, vafo, sadoqat, odamiylik, haqiqat va rostgo‘ylik ustuvor o‘rin egallaydi.
Abdulla Oripov nainki shoir, balki tarjimon sifatida ham samarali ijod qilgan. Shoir Dante Aligerining “Ilohiy komediyasini”ni, Nikolay Nekrasov, Lesya Ukrainka, Taras Shevchenko, Qaysin Quliyev va boshqa ijodkorlarning asarlarini o‘zbek tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilgan.
Anjumanda ustoz ijodkorning samarali faoliyati, u bilan bog‘liq yorqin xotiralar, she’riyatining tarbiyaviy ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA