Sarxil mahsulotlar – el dasturxoniga
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida "O‘zulgurjisavdoinvest" uyushmasi korxonalarida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, mevali bog‘lar barpo etish, zaxira yaratish, sovutgichli sig‘imlar va yirik savdo do‘konlar qurish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida "O‘zulgurjisavdoinvest" uyushmasi korxonalarida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, mevali bog‘lar barpo etish, zaxira yaratish, sovutgichli sig‘imlar va yirik savdo do‘konlar qurish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga yo‘naltirilganini bozorlarimizdagi to‘kinlik misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Davlatimiz rahbarining 2009-yil 26-yanvardagi “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni to‘ldirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, oilalar farovonligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
– Tizimda shartnoma asosida oltmishga yaqin ulgurji savdo bazasi va korxona faoliyat yuritmoqda, – deydi “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi raisi o‘rinbosari Ravshan Hamidbekov. – Ulgurji xarid qilingan mahsulotlarni saqlash uchun 116 ming kvadrat metr sovutilmaydigan va 60 ming tonnalik sovutiladigan omborxonalar mavjud. Shundan 51 ming tonnadan ziyod sovutiladigan sig‘imlar kartoshka, sabzi, piyoz, meva, poliz hamda go‘sht mahsulotlarini saqlashga ixtisoslashtirilgan.
Meva-sabzavot va boshqa ekinlar mavsumiy bo‘lganligi bois sarxil mahsulotlarni jamg‘arish, ularni to‘g‘ri va sifatli saqlash tizimdagi korxonalarning doimiy e’tiborida. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi “2011-2015-yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq omborlarni rekonstruksiya qilish va zamonaviy sovutish uskunalari o‘rnatish hisobiga aholini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Meva va sabzavot mahsulotlarini saqlashni yanada ko‘paytirish uchun 2011-2014-yillarda 51 ming 540 tonna sig‘imga ega yangi, zamonaviy sovutgichlar ishga tushirildi. Barcha hududlarda maxsus omborlar qurilayotgani va mahsulotlarni saqlash texnologiyasi takomillashtirilayotgani saqlanadigan meva-sabzavotlar turi va hajmi oshishida muhim omil bo‘lmoqda. Tizimdagi korxonalarning omborxonalari, sovutish va muzlatish kameralari zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlangan sendvich-panellaridan qurilgani mahsulotlarni yangi hosil pishib yetilguncha saqlash imkonini beradi.
Joriy yil hosilidan 2015-2016-yil qish-bahor mavsumida bozorlarda narx-navoning barqarorligini ta’minlash maqsadida uyushma omborlarida 70 ming tonnadan ziyod kartoshka, piyoz, sabzavot, meva, poliz va don mahsulotlari zaxirasini yaratish mo‘ljallanmoqda. 17 ming tonna kartoshka, piyoz, qariyb 20 ming tonna sabzavot, mevalar, 500 tonna go‘sht zaxirasi shular sirasidandir. Bu mahsulotlar dekabr-may oylarida ichki bozorda sotiladi. Buning uchun joriy yilning bahorida fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan mahsulot xarid qilish bo‘yicha 60 milliard so‘mlikdan ziyod shartnomalar tuzildi.
Hududlarda yangi savdo korxonalari tashkil etilib, aholiga xizmat ko‘rsatish hajmi ortmoqda. Misol uchun, o‘tgan yili Termiz shahrida, Denov va Zomin tumanlarida yirik supermarketlar ishga tushirildi. Joriy yilda Termiz va Urganch shaharlarida yangi savdo majmualari foydalanishga topshiriladi.
Oziq-ovqat resurslarini ko‘paytirish maqsadida uyushma tizimida chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik xo‘jaliklari tashkil etilmoqda. Yangi intensiv bog‘lar yaratilmoqda. Joriy yilda 125 gektar maydonga 60 mingga yaqin turli mevali daraxt ekildi. 1 ming 390 gektarda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirilmoqda. Jumladan, Qashqadaryo viloyatida 230 gektarda tezpishar "Jiyan" navli qovun, Xorazm viloyatida 600 gektarda sholi, Toshkent viloyatida 500 gektarda sabzavotlar yetishtirilmoqda.
Anjumanda aholini ijtimoiy muhim va boshqa mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash hisobiga oziq-ovqat zaxirasini ko‘paytirish va iste’mol bozori xavfsizligini ta’minlash borasidagi vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.