Sarlavha qo‘yish ham san’at (+video)
Insoniyat axborot oqimi tobora tezlashgan, qolaversa, tafakkur tarzini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan, axborot texnologiyasi vujudga kelgan bir davrda yashamoqda. Bu hozirgi zamon tamaddunining o‘ziga xos yutug‘i. Biroq tamaddunning ana shunday ulkan, "keng miqyosli va serqirra yutug‘idan kim qanday masalalarda foydalanmoqda? Uning beqiyos qudratli kuchi nimalarga ishlatilyapti?" degan haqli savol ham muammoga aylanmoqda.
Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar eng asosiy axborot makoniga aylanib bo‘lgan. Istalgan vaqt rasmiy va norasmiy axborot kanallarini kuzatar ekansiz, undagi asosiy yangi xabarlarni o‘tkazib yubormaslikka harakat qilib doimiy kuzatuvchisiga aylanib qolganingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz. Ommaviy axborot vositalari oldidagi eng katta maqsad va ehtiyojlardan biri bu doimiy auditoriyani muntazam jalb etishdan iborat.
Sarlavha yarim maqola deyishadi.
Axborot oqimi shiddat bilan rivojlanayotgan bir pallada auditoriyaning asosiy qismi OAV (asosan, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlardagi turli kanallar)dagi materiallarning faqat sarlavhasini o‘qish bilan cheklanadi. Chunki internetni yoqishimiz bilan axborotlar yog‘ilib keladi. Bularning barchasini o‘qishga vaqtimiz yetmaydi, ko‘pincha.
Bugun sarlavhasi vahima, lekin ichi puch xabar va maqolalar ko‘paydi. Aslida, haqiqatdan yiroq, balandparvoz sarlavhalar qo‘yishdan maqsad ko‘proq o‘quvchi diqqatini tortish, reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashdan iborat xolos. Lekin xalqimizga xos vazminlik, haqiqatgo‘ylik kabi fazilatlar o‘rnini, tobora yolg‘on, odamlar ko‘ngliga qo‘rquv solish kabi salbiy illatlar egallab bormoqda. Ushbu vahimali sarlavhalar ortidan kelib chiqayotgan "oqibatlar" uchun kim javob berishini afsuski maqola mualliflari o‘ylab ko‘rishmaydi...
Pashshadan fil yasab, yolg‘on-yashik sarlavhalar bilan kuzatuvchi e’tiborini tortish unga nisbatan hurmatsizlik sanaladi. Bundan tashqari, shou-biznes vakillari va taniqli shaxslarning hayoti bilan bog‘liq ma’lumotlarni tarqatishda ham yolg‘on-yashik, mavzu doirasidan chetda bo‘lgan sarlavhalar tanlanadi. Bu esa, qaysidir ma’noda, internet nashrlari yoki muallifga turli reytinglardan yuqori o‘rin egallash, daromad, obro‘ olib keladi. Boshqa tomondan esa, katta ehtimol bilan jamiyat taraqqiyotida turli tahdidlar, nizolar keltirib chiqarishi ham mumkin. Eng asosiysi kuzatuvchilar va OAV o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘qoladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, to‘g‘ri tanlangan sarlavha maqolada ko‘tarilgan masalaga to‘liq mos tushishi, o‘quvchi diqqatini jalb qila olishi bilan bir qatorda shakl va mazmun uyg‘unligini ham ta’minlab beradi. Zero, bo‘rttirilgan, asl mohiyatdan yiroq sarlavhalar o‘quvchi va OAV o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga, kuzatuvchilar ongida jurnalistlar yolg‘onchi va maddohga aylanishiga sabab bo‘ladi.
Yolg‘on-yashik sarlavhalar bilan kuzatuvchi e’tiborini tortish unga nisbatan hurmatsizlik sanaladi. Hox ijobiy hoh tanqidiy maqola bo‘lsin, jurnalistning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan uslub bilan yondashib asosli yoritilgan maqola har tomonlama "o‘qishli" va kuzatuvchilarning doimiy muxlisiga aylanishiga asos bo‘ladi.
Shu o‘rinda kuzatuvchilardan ham ogohlik talab qilinadi, sifatli, ishonchli va asosli ma’lumotlar, xabarlarni kuzatish orqali siz har tomonlama o‘zingiz va yaqinlaringizni ortiqcha vahima, havotirlardan qutqarib qolishingizni unutmang. Imkon darajasida rasmiy tasdiqlanmagan ma’lumotlar bilan yaqinlaringiz va do‘stlaringiz bilan bo‘lishmang. Zero axborot iste’molchilarining talabiga qarab, shunga mos axborotlar yoritilishini unutmaslik lozim.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/51jIrwvLX5s" title="Sarlavha qoʻyish ham sanʼat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Bizni kuzatishda davom eting. O‘zingiz va yaqinlaringizni e’tiborsiz qoldirmang.
M.Turdaliyeva, N. Abduvoitov (video), O‘zA