Sariqamish sayyohlarni chorlaydi (+video)
O‘zbekistonning sayohat maskanlari behisob. Ulardan samarali foydalanish uchun esa bir oz mehr, e’tibor va tashabbus kerak. Farg‘ona viloyatidagi Sariqamish massivi azal-azaldan mashhur bo‘lsa-da, u tabiiy holicha, sayyoh uchun hech qanday qulayliklarsiz edi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Sariqamish sayyohlik maskanini bunyod etish topshirig‘i berildi. Beshariqning magistral yo‘lidan Sariqamishgacha bo‘lgan masofada yangi asfalt yo‘l barpo etildi. Hozir bu yerda obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Yaqin vaqt ichida “Yashil makon” loyihasi asosida ikki yonda bir necha qator manzarali daraxtlar ekiladi.

– Bu yerda asrlar davomida paydo bo‘lgan ming gektarli ko‘l bor. U baliqlar va yovvoyi qushlar urchiydigan tranzit ko‘l hisoblanadi, – deydi Beshariq tumani hokimining o‘rinbosari Otabek Alimatov. – Endi ko‘l atrofi sayyohlik rivojlangan manzil bo‘ladi. Prezident tasdiqlagan dastur asosida 15 mlrd. so‘m sarflanib, 11,5 km yo‘l asfalt qilindi, 2 ta 630 kVTli transformator o‘rnatilib, 10 kilovatli tarmoq tortib kelindi. Toza ichimlik suvi chiqarildi. Tadbirkorlik qilaman deganlar uchun infratuzilma to‘liq yaratildi.

Sayyoh uchun yo‘l, suv, elektr quvvati birlamchi ehtiyoj. Yer ostidan toza ichimlik suvi qatlami topildi va unga kichik ombor qurildi. Elektr ta’minotida esa kelajakdagi dastur va loyihalar inobatga olindi. Shunda ham yaqin o‘n yillar uning ta’minotida muammoga o‘rin qoldirilmadi.

Sariqamish ko‘li Sirdaryoga tutash. Uning suv sathi goh ko‘tarilib, goh pastlab turadi. Ammo yovvoyi o‘rdak, g‘oz, qashqoldoq galalari suv ustiga to‘xtab uzoq safar yo‘lida bir oz dam oladi. Baliqlarni aytmaysizmi?! Bunday tabiiy sharoit qulayliklarni ham talab qiladi.

– Bu yerda kemping, kapsula, dam olish uylari, ochiq hovuzlar, maxsus ov qilish joylari yaratiladi. Gastronomik turizm bo‘yicha baliq taomlari tayyorlaydigan oshxonalar tashkil etiladi, – deydi hokim o‘rinbosari.

–Sariqamish havosining tozaligi bilan ham mashhur. Nafas yo‘llarida muammosi borlar bir kundayoq uning natijasini sezadi.
– Sariqamish hududiga xorijiy investorlarning ham qiziqishi ortib boryapti. Hozir ular bilan muzokaralar olib boryapmiz, – deydi Otabek Alimatov. – Kelgusida xorij sarmoyasi ishtirokida suv sporti va atraksionlar maskanlari ham dam oluvchilar ixtiyorida bo‘ladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-Fb9zdP8gYQ" title="Sariqamish sayyohlarni chorlaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA