“Sarichashma-1” emas, “Uchtepa”
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining shu yil may oyidagi sessiyasi qarori bilan Jomboy tumanidagi “Sarichashma-1” mahalla fuqarolar yig‘ini nomi “Uchtepa” deb o‘zgartirildi.
– Aholi sonining ko‘payishi va mahallalar hududining kengayishi natijasida ayrim aholi punktlarini nomlashda mavjud mahalla nomi olinib, unga son qo‘shilishi holatlari shu paytgacha mavjud edi, – deydi Samarqand viloyati hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali Temirov. – Endilikda esa bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmayapti, avvaldan shunday nomlanib kelgan mahallalar nomi esa o‘zgartirilmoqda. Jomboydagi mahalla nomi o‘zgartirilishi ham ana shu omil bilan bog‘liq. Gap shundaki, tumanda Sarichashma mahallasi mavjud va keyinchalik aholi soni ortishi, hududning kengayib borishi tufayli hududda tashkil etilgan yangi mahalla fuqarolar yig‘iniga “Sarichashma-1” deb nom berilgan. Ammo “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, geografik ob’ektga berilayotgan nom unga xos bo‘lgan belgilarni aks ettirishi, o‘sha yerdagi geografik ob’ektlar nomlarining mavjud tizimiga mos tushishi va albatta, mahalliy aholining fikri hisobga olinishi lozim. Shu nuqtai nazardan, geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasi Jomboy tumani hokimligining “Sarichashma-1” mahallasi nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi taklifini o‘rganish jarayonida hudud aholisi fikrlariga alohida e’tibor qaratdi. Mahalla ahli hududda uch tepalik bo‘lgani va hozirgacha ularning elementlari saqlanib qolganini ta’kidlab, mahallaga “Uchtepa” nomini berishni so‘radi. Komissiya taqdim etilgan hujjatlar har tomonlama o‘rganilishini tashkil etdi, yangi nomning qonunchilik talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtai nazaridan davlat ekspertizasidan o‘tkazish uchun kadastr agentligiga topshirdi. Shundan so‘ng davlat ekspertizasi natijalarini hisobga olgan holda tegishli xulosa berildi va xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan mahallaga yangi nom berildi. Joriy yilda Toyloq tumanidagi Vorsin mahallasi nomini Varsin, Ravot mahallasini Katta Ravot deb o‘zgartirishda ham tarixiy ma’lumotlar hamda hudud aholisi fikrlari inobatga olindi.
Umuman, yil boshidan buyon mahalliy kengashlar qarorlari bilan viloyatning Pastdarg‘om tumanidagi 50 ta, Nuroboddagi 65 ta nomsiz ko‘chalarga nom berildi, ayrim ko‘cha nomlari qayta nomlandi. Payariq tumanidagi esa 2670 ta ko‘chaga nom berilib, tasdiqlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA