Sardobalik o‘quvchilar xalqaro olimpiadaga boradi
Jizzax shahrida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida matematika, ingliz tili, rus tili va mental arifmetika bo‘yicha respublika olimpiadasi o‘tkazildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur olimpiadada respublikamizning turli hududlaridan kelgan o‘quvchilar qatorida sirdaryolik umumta’lim maktablari o‘quvchilari ham faol ishtirok etdi.

Sardoba tumanidagi 16-sonli umumta’lim maktabida tahsil olayotgan 2-sinf o‘quvchisi Husnora Turg‘unboyeva, 1-sinf o‘quvchisi Kamol Rahmatullayev va 3-sinf o‘quvchisi Mehriniso Ashiraliyeva ingliz tili va mental arifmetika bo‘yicha respublika bosqichida faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu muvaffaqiyat ularga 2025 yilda Turkiya va Dubayda o‘tkaziladigan xalqaro olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkonini berdi.

– O‘quvchilarimizning ushbu yutuqlari maktabimiz o‘quvchilarini ruhlantirdi,–deydi 16-sonli umumta’lim maktabi direktorining ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Jaloliddin Zulfiqorov. –Bunda o‘qituvchilar, ota-onalarning hissalari katta. Chunki, biz istiqomat qilayotgan Qo‘rg‘ontepa mahallasi Sardoba tumanining chekka, viloyatning esa olis hududi hisoblansa-da, ta’lim-tarbiyada yaxshi natijalarni qayd etib kelyapmiz. O‘quvchilarimizning bu galgi yutuqlari “Qo‘rg‘ontepa”liklar uchun Navro‘z tuhfasi bo‘ldi, deb o‘ylayman.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri