Sardobada dengiz konteyneridan modul bog‘cha barpo etildi
Sirdaryo viloyati Sardoba tumanining Qo‘yitosh mahalla fuqarolar yig‘ini hududida suv toshqinidan zarar ko‘rgan aholi farzandlari uchun 100 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkilotining muqobil shakli – dengiz konteynerlari asosida modulli maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Tashkilotning ochilish bag‘ishlangan tadbirida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi, tuman hokimligi, sektorlar rahbarlari, mahalla oqsoqollari hamda bolajonlar ishtirok etdi.


Bolajonlar uchun yaratilgan ushbu MTTdagi shart-sharoitlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.Maktabgacha ta’limning bu kabi muqobil shakllari qisqa vaqtda joriy etilishidan tashqari, kamroq xarajat talab qilishi bilan ham ajralib turadi.
Ularning maydonini qo‘shimcha bloklar yordamida osongina kattalashtirish yoki qismlarga ajratib, yangi joyga ko‘chirish mumkin.


Ushbu zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 ta asosiy guruh xonasi, bolalar yotoq xonasi, tibbiyot xonasi, alohida sport zali, oshxona, kichik futbol maydonchasi hamda bolalar o‘yin maydoni mavjud.
“Nurli kelajak” nomli modulli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilariga viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan o‘yinchoqlar sovg‘a qilindi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA