Sardobada 63 ta oila yarashtirildi
Mamlakatimizda oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha muntazam chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu borada davlat idoralari va jamoat tashkilotlari hamkorligida tadbirlar, tushuntirish ishlari o‘tkazib kelinmoqda.
Oiladagi notinchlik, ajrimlar sabab faqat er-xotin aziyat chekmaydi. Bunday holatlarda farzandlar – ertamiz egalari bo‘lgan yoshlar kamoloti ham so‘roq ostida qoladi.
Majburiy ijro byurosi xodimlari ham nafaqat aliment qarzdorliklarini undirish bilan shug‘ullanmoqda, balki, ajrashgan oilalarni yarashtirishga ham ko‘maklashmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi Sardoba tuman bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudining 06.08.2021 yildagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor P.Bekmurodovdan (ismi sharifi o‘zgartirilgan) undiruvchi X.Usmonova foydasiga 3 nafar farzandlari ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati mavjud edi.

– Ijro hujjati yuzasidan bo‘lim xodimlari tomonidan ijro harakatlariga kirishildi va qarzdor sud qarori bilan tanishtirildi, barcha vujudga keluvchi huquqiy oqibatlar tushuntirildi, — deydi Byuroning Sardoba tuman bo‘lim boshlig‘i Mansur Beknazarov. – Olib borilgan tushuntirishlar natijasida ushbu oilaning yarashuviga erishildi va aliment to‘lash to‘g‘risidagi ijro hujjati undiruvchining arizasiga binoan tamomlandi.
Joriy yilda tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan 63 ta oila qayta tiklandi. Bunday xayrli ishlar bolajonlarning quvonchiga sabab bo‘lmoqda.
Bu boradagi ishlar davom etadi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA