Sardoba fojiasi: bir yil ortda qoldi
2020 yil 1 may kuni. Tong sahar. Soat 05:55. Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘rg‘ontepa, Do‘stlik, Yurtdosh mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi aholi evakuatsiya qilingan.
Shu kunning o‘zida voqea joyiga bosh vazir Abdulla Aripov yetib borgan. Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar vazirliklari rahbariyati, Milliy gvardiya va boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda evakuatsiya tadbirlari tashkil etilgan.
Mazkur vaziyat oqibatlarini bartraf etish, evakuatsiya tadbirlarini tashkillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida, voqea joyiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yetib bordi.
Davlatimiz rahbari hudud aholisi bilan uchrashib, ushbu sinovli kunlarni sabr bilan yengib o‘tish lozimligini va vaziyat shaxsan o‘zlarining nazoratida ekanligini ta’kidlab sardobaliklar dardiga hamdard bo‘ldi.
Aholini va hududni suv toshqinidan asrash bo‘yicha bir qancha tezkor tadbirlar amalga oshirildi.
Sardoba, Mirzaobod, Oqoltin tumanlaridagi suv toshqini sodir bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan bir qator aholi punklaridagi aholi zudlik bilan evakuatsiya qilindi. 22 ta aholi punktidagi 60 ming 450 nafardan ortiq fuqarolar Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga vaqtinchalik ko‘chirildi.
Evakuatsiya qilingan fuqarolar esa umumta’lim, kasb-hunar, oliy o‘quv dargohlarining yotoqxonalari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari va boshqa ijtimoiy ob’ektlar, aholi turar-joylariga joylashtirildi. Suv toshqini tufayli ko‘chirilgan fuqarolar va ularning farzandlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Suv toshqinidan Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi bir qator mahallalar jiddiy zarar ko‘rgan, fermer va klasterlarning minglab gektar ekin maydonlari suv ostida qolgan edi.
Toshqin yetkazgan talafotlarni bartaraf etish maqsadida bir qator vazirliklar tomonidan o‘sha kunning o‘zida 400 dan ortiq turli zarur texnika vositalari ajratildi. Qo‘shni Jizzax, Samarqand, Toshkent viloyatlaridan insonparvarlik yordamlari, maxsus texnikalar, ta’mirlash brigadalari, ishchi, quruvchi, muhandislar yetib bordi.
Shuningdek, Buxoro, Qashqadaryo, Andijon va boshqa viloyatlardan Sirdaryoga issiq kiyim-bosh, ko‘rpa-to‘shak, uy-ro‘zg‘or buyumlari, turli oziq-ovqat mahsulotlari yuklangan ko‘mak karvonlari ketma-ket kirib bordi.
– Shunday bir og‘ir, tahlikali, koronavirus pandemiyasi sababli karantin joriy etilgan vaqtda Prezidentimizning fojia joyiga borganlariga ko‘pchilik ishonmadi. Ayrim xorijlik amaldorlar “Shu rostmi?” deb so‘raganiga guvohman, – deydi O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi Farxod Boqiyev. – Bu rost edi. Ularning bu savoliga “Xalqini shunchalik sevadigan, har bir fuqarosi uchun jon kuydiradigan, millati xavfsizligini ta’minlash uchun o‘z jonini xatarga qo‘yadigan, jasur, mard, matonatli yana biror bir mamlakatning rahbarini bilasizlarmi?” deya savol bilan javob bergandim, o‘shanda.
Darhaqiqat, saxovatpesha xalqimiz butun e’tiborini Sardoba tumanidagi tabiiy ofat asoratlarini bartaraf etishga, suv toshqinidan aziyat chekkan fuqarolarga moddiy yordam ko‘rsatish, ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Xalqimizning mehribonligi, saxovatpeshaligi, hamjihatligi o‘shanda namoyon bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
– Vaqtni tez o‘tishini qarang. Sardoba fojiasiga bugun roppa-rosa bir yil bo‘ldi, – deydi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O‘tbosar Abdiyev. – Mirzacho‘lning jizillagan saratoni-yu, qishining qaxraton chillasini, Bekobodning izillagan shamoli-yu yana ming-ming mashaqqatlarni yengib, biydek cho‘lda Gulistonni barpo etgan matonatli xalq – aynan sirdaryoliklar ekanligini “O‘zbekistonlikman!” deganning bari juda yaxshi biladi. Bir yil muqaddam suv toshqini bo‘lgan hududda ham o‘sha matonatli cho‘lquvarlarning avlodlari, ya’ni nabirayu, chevaralari yashar edi. Ular ro‘y bergan o‘sha suv toshqinida ham mard va matonatli insonlarning vorislari ekanliklarini isbotlab, jasoratini namoyon etdi. Hamma bir tanu bir jon bo‘lib, birgalashib, belgilangan tartiblarga o‘z vaqtida va qatiy rioya qilgan holda harakat qilgani samarasida tez fursatda barcha aholi xavfli hududlardan olib chiqildi. Bir yil ichida deyarli vayronaga aylangan joyda yangi 3 ta tumanni barpo etgan butun o‘zbekistonliklarning amalga oshirgan ishlarini ko‘rib unga ta’rif berishga so‘z ojiz. Faqat ana shunday birdam, hamjihat xalqning, yurtning fuqarosi ekanimdan faxr tuyaman.
O‘zbekistonning har bir viloyati, har bir mahallasi, qishlog‘idan insonparvarlik yordami yog‘ilib keldi. Prezidentimizning “Sardoba” suv omboridagi o‘pirilish tufayli suv toshqinidan talafot ko‘rgan hududlarni tartibga keltirish yuzasidan bergan ko‘rsatmalari asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Suv toshqini yetkazgan zararni bartaraf etish, hududni loyqa va ko‘lmaklardan tozalash, avtomobil yo‘llarini tiklash, aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, umuman barcha ishlar Prezidentimizning shaxsan nazoratida bo‘ldi.
Suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun Sirdaryo viloyati mahalliy byudjetiga dastlab 100 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Bundan tashqari, Zarar ko‘rgan har bir oilaga 40 million so‘mdan kompensatsiya, maishiy texnikalar olish uchun 10 million so‘mlik sertifikat berildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Sirdaryo viloyatining “Sardoba” suv omboridagi avariya va uning oqibatida elektr ta’minotida vujudga kelgan uzilishlar, turli darajadagi texnik avariya holatlari to‘lig‘icha qayta tiklandi. “Sardoba” suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi oqibatida suv bosgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida 2020-2021 yillar davomida 50 ta ko‘p qavatli uy-joy qurib bitkazildi.
Sardoba toshqinida alohida jonbozlik ko‘rsatgan qutqaruvchilardan ham, mahalliy aholi orasidan ham afuski qurbonlar bo‘ldi. Bu har birimizni qayg‘uga soladi. Ular
– Toshqindan so‘ng yashash uchun yaroqsiz ahvolga kelib qolgan turar joylar, ijtimoiy obe’ktlar, elektr, gaz, suv tarmoqlari, yo‘llar bugun tubdan qayta tiklandi, Sirdaryoda 3 ta yangi, barcha sharoitlar mujassam bo‘lgan tuman barpo etildi – deydi Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofirjon Mirzayev. – Bir yil ichida ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, boshimizga tashvish tushganda hasharga kelib, qo‘llab-quvvatlab turgan barcha viloyatlar quruvchi-muhandislardan minnatdormiz.
E’tiborlisi, bugun toshqindan so‘ng yangidan barpo etilgan uy-joylarda yashayotgan aholining uylariga ko‘chib kirishi bilan hamma ish yakunlandi, deb hech kim tashlab qo‘yilmadi. Bu yerdagi har bir fuqaroning bandligi ta’minlanishi uchun rejali ishlar amalga oshirilmoqda.
– Toshqindan zarar ko‘rgan har bir oiladan band bo‘lmagan fuqarolarning ro‘yxati shakillantirildi, – deydi viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Muhammadiyev. – Ular qisqa muddatli kasbga o‘qitish markazlarida hunar o‘rganib, har birining bandligi ta’minlanmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lganlariga bank kreditlari, subsidiya mablag‘lari ajratilib, qo‘llab-quvvatlanmoqda. “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar Farg‘ona vodiysiga yuborilib, atlas, adras, gilam to‘qish, pichoq, zeb-ziynatlar yasash kasblariga o‘qitilib, shu yerda yangidan barpo etilgan ko‘p qavatli uylarning podvallaridan ular uchun ish joylari ochilib, bandligi ta’minlanayapti. Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik to‘yiga qadar bu hududda kasb-hunarga o‘qitilmagan, umuman band bo‘lmagan ayollar va ayniqsa, yoshlar qolmasligi rejalashtirilgan.
Bugun bir yil muqaddam toshqin fojiasidan zarar ko‘rgan hududda obod bo‘lmagan, qayta tiklanmagan, yangidan barpo etilmagan, maktab, bog‘cha, oilaviy poliknilika, aholi turar joyi qolmadi. Sirdaryoliklar, hatto poytaxtdagidan ham muhtasham ko‘p qavatli uylarda, tubdan qayta ta’mirlanib, barcha sharoitlar yaratilgan kottejlarda yashamoqda. Farzandlari zamonaviy bog‘cha va umumta’lim maktablarida tahsil olmoqda. Shahardagidan qolishmaydigan oilaviy poliklinikalar aholisi xizmatida.
Xalqimizda ko‘z yoshlar ortidan, yaxshi kunlar ham keladi, degan gap bor. Allohga shukrki Sardoba fojiasi ortga qoldi. Uning talofatlari bartaraf etilib, aholiga zamonaviy qulayliklar yaratildi. Aholi turmush tarzi yaxshilanib, hayot tarzi yana iziga tushdi.
Bugun Prezidentimiz rahnamoligida toshqindan zarar ko‘rgan hududlarda amalga oshirilgan qurilish, bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarini ko‘rgan kishining hayrati va havasi oshadi.
[gallery-2250]
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri