San’at yo‘lida marralarga erishayotgan Nurullo
Motivatsiya!
San’atga oshnolik insonning qalbi go‘zalligidan, ruhiyati pokligidan darakdir. Har qanday san’at turi insonning ma’naviyatini go‘zallashtirishga xizmat qiladi.
Yurtimizda bolaligidan san’atga qiziqishi yuqori, iste’dodi bor bo‘lgan yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va iste’dodini yuzaga chiqarishga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Zero, san’at g‘unchalarini o‘z vaqtida parvarishlash, ularga imkoniyat berish kelajakda o‘z mevasini beradi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti talabasi Nurullo Abdullayev yoshligidan qo‘shiq kuylashga qiziqishi, ishtiyoqi yuqori bo‘lgani sababli estrada bo‘yicha tahsil olmoqda. Nurullo talabalikka ham san’at yo‘nalishidagi tanlovlarda yuksak natijalar ko‘rsatgani bois imtiyozli ravishda — davlat granti asosida qabul qilingan.

Ya’ni, u 2023 yilda har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan Ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlari, kollej va akademik litseylarining «Yosh ijrochilar» respublika tanlovining estrada xonandaligi yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritib, talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi.
Albatta, bunga qadar ham Nurullo san’at maktablarida malakali ustozlardan tahsil oldi. Jumladan, Uychi tumanidagi 13-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida o‘qib, ustozlari Nosirjon Mirzaboyev va Behzod Bahromovdan san’at sir-asrorlarini o‘rgandi. Undan keyin esa o‘qishni Namangan ixtisoslashtirilgan san’at maktabida davom ettirib, ushbu dargohdagi ustozlaridan ham qunt bilan saboq oldi.

Nurullo shu vaqtga qadar ko‘plab viloyat, respublika va xalqaro ko‘rik-tanlovlar, festivallarda ishtirok etib, yuksak sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining Respublika bosqichi g‘olibi, Muxtor Ashrafiy nomidagi Akademik cholg‘ular va estrada xonandaligi ko‘rik-tanlovi g‘olibi, 2018 yili Belarus Respublikasining Minsk shahrida o‘tkazilgan «KUBOK YeVROPЫ» nomli xalqaro tanlovda 1-o‘rin va Gran-pri sohibi, 2022 yili Moskva shahrida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda 1-o‘rin, 2023 yil Moskvada o‘tkazilgan xalqaro tanlovda 1-o‘rin, 2023 yili Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan “TALANT INTERNATIONAL” xalqaro tanlovida 2-o‘rin, 2023 yilda Rossiyaning Tyumen viloyati Tobolsk shahrida o‘tkazilgan «NOTA» xalqaro ko‘rik-tanlovida 1-o‘rin, 2023 yilda Rossiyaning Cankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan «ARTNOVA» xalqaro ko‘rik-tanlovida 1-o‘rin va yana bir qator tanlov va festivallar laureati bo‘lgan.
Bundan tashqari, Nurullo institut davriga qadar 8 yil davomida Yoshlar ittifoqining tuman, viloyat kengashlari sardori va respublika faoli sifatida faoliyat olib borgan. Hozirda ham institut Yoshlar kengashining «Besh tashabbus loyihalari» koordinatori yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatib, tengdoshlarini tashabbuskorlikka undab keladi.
— Bugungi kunda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi Nurullo Abdullayev. — Shunday ekan, mavjud imkoniyatlardan foydalanib, o‘z ustimizda ishlashimiz, yuksak marralar sari intilishimiz lozim. Shu ma’noda tengdoshlarimga ham hech qachon chekinmaslikni, qandaydir maqsadga erishish yo‘lida to‘siqlarga uchrasa-da, ortga qaytmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Zero, ayrim to‘siq va qiyinchiliklar bizni toblantiradi, katta marralarni zabt etishimizda fundament va maktab vazifasini bajaradi. Biz kutmagan natijalar, biz kutmagan marralar bizni kutib turibdi.
Darhaqiqat, Nurullo Abdullayev singari serg‘ayrat va iqtidorli, iste’dodli yoshlarimiz talay. Ular mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit va imtiyozlardan samarali foydalangan holda o‘z maqsadlari sari olg‘a bormoqda. Ularning zafarli marralari esa yurtimiz ertasi uchun poydevor bo‘lajak.
Muhtarama Komilova,
O‘zA