San’at ta’limi va turizm sohasi parlament nazoratida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Madina Baratova hamda Emma Aslonova Buxoro shahridagi qator san’at ta’lim muassasalari va turizm ob’ektlarida bo‘lib, ularning faoliyati, mavjud shart-sharoitlari hamda sohadagi dolzarb muammolarni o‘rgandi.
Navbatdagi parlament nazorati tadbirlari hududlarda ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish, aholiga yaratilgan imkoniyatlarni baholash hamda muammolarga amaliy yechim topishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Deputatlar Buxoro shahridagi san’at maktablarida o‘quvchilar uchun yaratilgan muhit, mavjud jihozlar, to‘garaklar faoliyati va ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Pedagoglar bilan o‘tkazilgan muloqotlarda o‘quv jarayoni samaradorligi, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda sohadagi muammolar xususida fikr almashildi.
Ayniqsa, o‘quvchilarning respublika va xalqaro miqyosdagi tanlov hamda festivallarda erishib kelayotgan yutuqlari deputatlar tomonidan yuqori baholandi. Bu esa Buxoroda san’at ta’limi tizimida iqtidorli yoshlarni tarbiyalash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.

O‘rganishlar jarayonida Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida yangi o‘quv binosiga ehtiyoj yuqori ekani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, milliy cholg‘u asboblari — doira, rubob va dutor, shu bilan birga yevropa musiqa asboblaridan fortepiano yetishmasligi ta’lim jarayoniga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Xoreografiya yo‘nalishida esa metodik adabiyotlar tanqisligi mutaxassislar tomonidan asosiy muammolardan biri sifatida tilga olindi.

Shu bilan birga, Buxoro ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san’ati maktab-internati hozir umumta’lim maktabi binosida faoliyat yuritayotgani, ajratilgan xonalarning yetarli emasligi sababli o‘quv mashg‘ulotlarini to‘liq va samarali tashkil etishda qator qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani aniqlandi.
Deputatlar tomonidan ta’kidlanganidek, san’at va madaniyat sohasini rivojlantirish, avvalo, yosh avlodning estetik didi, milliy qadriyatlarga hurmati va ijodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralarga deputatlik so‘rovlari yuborish, muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yangi binolar ajratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi belgilandi.

Parlament nazorati doirasida deputatlar viloyat markazida joylashgan "Poykent-Buxoro" mehmonxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Tanishuv jarayonida mehmonxonada mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun barcha zamonaviy qulayliklar yaratilgani, xizmat ko‘rsatish tizimi yuqori darajada tashkil etilgani qayd etildi.
Mehmonxona bir kecha-kunduzda 350 nafar mehmonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu yerda 50 nafar fuqaroning doimiy bandligi ta’minlangan. Shuningdek, 200 o‘rinli majlislar zali xalqaro anjumanlar, simpoziumlar va nufuzli tadbirlarni o‘tkazish uchun zamonaviy talablar asosida jihozlangan.
Bu kabi o‘rganishlar hududlarda ta’lim, madaniyat, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish, mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga amaliy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, parlament nazorati orqali aholini o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topish va sohalarni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani diqqatga sazovordir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri