San’at sohasidagi eng qiziqarli loyiha
Joriy yil 17-21 aprel kunlari Badiiy akademiya va qator vazirlik, tashkilotlar hamkorligida respublikamiz bo‘ylab 2023 yil – "Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili"ga bag‘ishlangan Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivalini tashkil qilish va o‘tkazish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
XXI asr bo‘sag‘asida jahon hamjamiyatiga mustaqil va teng huquqli bo‘lib qo‘shilgan O‘zbekiston xalqaro jamoatchilikka yurtimizning milliy badiiy boyliklarini hamda ko‘p millatli fuqarolarning ijod mahsullarini rang-barangligi bilan ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ajdodlarimizdan qolgan boy badiiy merosni hamda yangilanayotgan O‘zbekiston rassom, ijodkorlarining tasviriy va amaliy san’atdagi yutuqlarini dunyoga tanitish asosiy vazifalardan biriga aylandi. Shu jihatdan Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivalining ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan boy merosini targ‘ib etish, o‘zbek tasviriy va amaliy san’ati yutuqlarini keng tanitish, ijodiy muloqot, yangi iste’dodlarni yuzaga chiqarish, ustoz-shogird an’analarini davom ettirishda ahamiyati katta.
Festival ayni paytda zamonaviy tasviriy va amaliy san’atdagi dolzarb jarayonlarni o‘rganish orqali turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga, jahon miqyosida ijodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Festival doirasida besh kun davomida nafaqat poytaxt, balki respublika bo‘ylab milliy va jahon san’ati namunalari namoyish etilishi quvonchli voqeadir. Ayniqsa, o‘sib kelayotgan avlodni har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib yetishishida bu ko‘rgazma va badiiy jarayonlarning ahamiyati beqiyos.
Bu yil festivalda Toshkent shahri, viloyat markazlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘rgazma zallarida taniqli xorijiy va mahalliy ijodkorlar, ustalarning saralangan asarlari asosida ko‘rgazmalar, mahorat darslari, badiiy dastur namoyishlari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy konferensiyalar o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, Badiiy akademiya tizimidagi ta’lim muassasalaridan tashqari oliy va o‘rta, ixtisoslashgan va umumiy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh ijodkorlarning ijodiy loyihalari (ko‘rgazmalar, mahorat darslari, liboslar ko‘rigi) namoyishi tashkil etiladi.

Joriy yilda festival doirasida muhim tadbir – Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY tashkilotiga a’zo mamlakatlar – Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston hamda Vengriya rassomlari ijodiy ko‘rgazmasi o‘rin oldi. TURKSOY tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan ushbu ko‘rgazma “Turk dunyosi rassomlarining uchrashuvi” deb nomlandi. Shu bilan birga TURKSOY tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida ko‘pqirrali hamkorlikni rivojlantirish mavzusida davra suhbati o‘tkaziladi.
San’at muxlislariga zavq, ijodkorlarga esa ilhom ulashuvchi ushbu an’anaviy san’at haftaligida O‘zbekiston Respublikasidagi qator xorijiy diplomatik vakolatxonalar va mehmonlarning ishtiroki kutilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA