San’at ahli paxtakorlar huzurida
Ular huzuriga tuman madaniyat bo‘limi qoshidagi “Dildor” ashula va raqs jamoasi tashrif buyurdi.
Buxoro viloyati Jondor tumani “Mirzayon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Vohid Yo‘ldosh Hamza“ fermer xo‘jaligi paxtazorlarida paxta terayotgan terimchilar uchun bu galgi tushlik o‘zgacha kechdi. Ular huzuriga tuman madaniyat bo‘limi qoshidagi “Dildor” ashula va raqs jamoasi tashrif buyurdi.
Aytgancha, “Dildor” nafaqat viloyatda, balki mamlakatimizdagi badiiy havaskorlik jamoalari orasida san’at shinavandalari mehrini qozongan ansambllardan biri. Repertuarini maqom va xalqona taronalar bilan boyitib boradigan mazkur dastani muxlislar doim iliq kutib oladi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Usmon Jabborov, Qayum Qurbonov, Alisher Oripov kabi san’atkorlar ijrosidagi dilbar qo‘shiqlar dala mehnatkashlariga g‘oyat manzur tushdi. Terimchilar raqsga tushgani, gohida xonishga jo‘r bo‘lganining boisi ham shunda.
– Qo‘shiq kishiga xush kayfiyat bag‘ishlaydi, – deydi ilg‘or terimchilardan biri O‘g‘iloy Usmonova. – “Dildor” jamoasining qo‘shiqlaridan har birimiz zavqlandik. Ma’lumki, kishining kayfiyati yaxshi bo‘lsa, ishida unum, baraka bo‘ladi. Jurnalistlar tili bilan aytganda, yaxshi dam – mehnatga hamdam-da!
Darvoqe, murakkab tuproq sharoiti va joriy yilgi ob-havo qiyinchiliklariga qaramay salkam 190 tonna paxta yetishtirib, davlatga sotishga bel bog‘lagan “Vohid Yo‘ldosh Hamza” fermer xo‘jaligi jamoasi dalalaridagi hosil mo‘ljaldagidan kam emas. Paxtani yog‘in -sochinli kunlarga qoldirmay yig‘ishtirib olishga kirishgan terimchilarning ishtiyoqi ham baland. Ularning har biri kuniga 180 kilogramdan “oq oltin” terib, xo‘jalik xirmoniga baraka kiritmoqda. Mavsumning dastlabki haftasidayoq dala ahliga 72 million so‘m pul dala boshida berildi.
Ta’kidlash kerak, Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari paxtakorlarga madaniy xizmat ko‘rsatishga katta e’tibor qaratmoqda. Viloyat musiqali drama teatri, qo‘g‘irchoq teatri, estrada jamoalari, tumanlardagi ashula va raqs hamda folklor ansambllari doimiy ravishda terimchilar huzurida bo‘lib, ularga xush kayfiyat ulashayotir. Ayni paytda san’atkorlar bilan ijodiy safarda hamkorlik qilayotgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusiga ko‘ra, dalalarda tez tez bo‘layotgan yozuvchi va shoirlarning yurt, ezgulik, mehnat kishisini sharaflovchi chiqishlari paxtakorlar dilidan joy olayotir.